Dunyo

AQSH qiruvchisi suvosti kemasini yoʻq qildimi? Surat savollar tugʻdirdi

AQShning F/A-18F Super Hornet qiruvchisida singan suvosti kemasi tasviri va Sub Buster - «suvosti kemalarini yoʻq qiluvchi» yozuvi koʻrindi. Belgi ekipajning submarinaga qarshi zarbada qatnashganiga ishora qilishi mumkin. Biroq qaysi kema nishonga olingani, qanday qurol ishlatilgani va hujum qayerda sodir boʻlgani ochiq materiallarda aniqlanmagan.

AQSH qiruvchisi suvosti kemasini yoʻq qildimi? Surat savollar uygʻotdi

The Aviationist nashrining yozishicha, fotograf Jeff Roxas samolyotni 1-oktabr kuni VFA-41 eskadrilyasi Kaliforniyadagi Lemur aviabazasiga qaytgan paytda suratga olgan. Gap bort raqami 102, AQSH harbiy-dengiz kuchlaridagi roʻyxat raqami 168491 boʻlgan qiruvchi haqida bormoqda.

«Qora tuzlar» nomi bilan tanilgan eskadrilya Eronga qarshi Epic Fury operatsiyasi chogʻida USS Abraham Lincoln aviatashuvchisidan faoliyat yuritgan.

Suratlarda samolyotning old qismida bir necha qator kichik bomba tasvirlari koʻrinadi. Suvosti kemasi belgisi esa ulardan alohida tarzda, bort raqami oldiga chizilgan.

Bu tasvir tashqi koʻrinishi bilan Kilo sinfiga mansub dizel-elektr suvosti kemasini eslatadi. Ammo soddalashtirilgan rasmga qarab kemaning turi yoki nomini ishonchli aniqlab boʻlmaydi. The Aviationist ham bu talqinni ehtimoliy variant sifatida keltirgan.

Hozircha samolyot suvosti kemasiga aynan kemaga qarshi raketa bilan zarba bergani haqidagi daʼvo tasdiqlanmagan. Surat hujumning oʻzini emas, qiruvchidagi belgini aks ettiradi. Nishon oʻsha vaqtda dengizda, prichalda yoki taʼmirdami boʻlgani ham nomaʼlum.

Shu bois bu voqeani tarixdagi ilk shunday gʻalaba deb atash uchun ham yetarli asos yoʻq.

The War Zone nashri VFA-41 eskadrilyasining operatsiya davomida sarflagan qurollari roʻyxati tushirilgan stend suratini ham eʼlon qilgan. Unda boʻlinma jami 421 ta raketa va bomba ishlatgani koʻrsatilgan.

Jumladan, roʻyxatda 173 ta GBU-38/B JDAM boshqariluvchi bombasi, 41 ta AGM-154 JSOW qanotli bombasi va 10 ta AGM-84K SLAM-ER qanotli raketasi qayd etilgan.

SLAM-ER kemaga qarshi Harpoon raketasi asosida ishlab chiqilgan boʻlsa-da, u ham quruqlikdagi, ham dengizdagi nishonlarga yuqori aniqlikda zarba berish uchun moʻljallangan. AQSH harbiy-dengiz aviatsiya tizimlari qoʻmondonligi — NAVAIR maʼlumotiga koʻra, uni F/A-18 oilasiga mansub samolyotlardan uchirish mumkin.

Biroq SLAM-ER eskadrilya hisobotida borligi aynan shu raketa suvosti kemasiga qarshi ishlatilganini anglatmaydi. Qurollar sarfi butun boʻlinmaga tegishli boʻlib, qaysi samolyot qaysi nishonga qanday qurol qoʻllagani oshkor etilmagan.

F/A-18F — koʻp vazifali Super Hornet qiruvchisining ikki oʻrindiqli versiyasi. U havodagi nishonlarga qarshi kurashish, kuzatish, razvedka va yuqori aniqlikdagi zarbalar uchun qoʻllanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.