AQSH prezidenti Hormuzni Tramp bo‘g‘ozi deb atamoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp 2-sentyabr kuni Hormuz bo‘g‘ozini "Tramp bo‘g‘ozi" deb nomlashni taklif qildi. Bu taklif Eron bilan davom etayotgan ziddiyatlar fonida ilgari surildi, deb xabar berdi Al Arabiya.
Tramp o‘zining Truth Social sahifasida shunday yozdi: "Bu hudud AQSH nazoratida. Hormuz bo‘g‘ozi nomini Tramp bo‘g‘ozi deb o‘zgartirish kerakdir??? Amerika kabi bu nom ham hudud ahamiyati va mavqeyini oshiradi".
Bu Tramp tomonidan taklif qilingan geografik nomlarni o‘zgartirish bo‘yicha navbatdagi tashabbusdir. O‘tgan hafta u Kanada bilan savdo urushi sababli Ontario ko‘lini "Amerika ko‘li" deb atashni buyurgan edi.
Shuningdek, Tramp 2025-yil yanvar oyida lavozimiga qaytganining birinchi kunida Meksika ko‘rfazini "Amerika ko‘rfazi" deb qayta nomlagan edi. Biroq, na Meksika, na Kanada bu o‘zgarishlarni tan olmagan.
80 yoshli AQSH prezidenti dastlab bu nom o‘zgartirish takliflarini hazil tariqasida ilgari surgan bo‘lsa-da, keyinchalik ularni amalga oshirishga kirishgan. So‘nggi haftalarda Tramp Hormuz bo‘g‘oziga egalik qilish bilan tez-tez tahdid qilib kelmoqda. U hatto bu suv yo‘lini "AQSHning yangi hududi" deb ko‘rsatilgan xaritani ham taqdim etgan.
Ammo Eron bu muhim yo‘lni yopib qo‘ygan. Dunyo neftining beshdan bir qismi shu yo‘l orqali o‘tadi. Eron bu harakatni Tramp fevral oyi oxirida Isroil bilan birga boshlagan urushga javoban amalga oshirgan.
2-sentyabrga o‘tar kechasi AQSH kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi yaqiniga navbatdagi zarbalar berdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron bu yerga yangi minalar joylashtirishga urinayotgani uchun zarba berilgan. Shundan so‘ng neft narxi yana ko‘tarila boshladi.
**Eronga qarshi yangi harbiy harakatlar uzoq davom etmaydi**
Tramp 2-sentyabr kuni Eronga qarshi yangi harbiy harakatlar juda uzoq davom etmasligini bildirdi. U Oval kabinetda jurnalistlarga Eron minalarni tashlaydigan raketa yasashga urinayotganini va AQSH uni yo‘q qilganini aytdi.
Shuningdek, u Eron radarlar hamda raketa tizimlarini tiklashga urinayotganini, AQSH zarbalari bularga ham qaratilganini ma’lum qildi.
"Biz ularning Hormuz bo‘g‘ozi bo‘ylab qurishga g‘ayrat qilgan barcha yangi uskunalarini yo‘q qildik. Ularning ba’zilari mudofaa, ba’zilari esa hujum uchun edi... Kecha tunda juda kuchli hujum uyushtirildi. Agar xohlasak, istalgan vaqtda shunday hujumni takrorlashga tayyormiz", dedi u.

