«AQSh prezidenti administratsiyasi Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish tarafdori» — Marko Rubio
AQSh prezidenti administratsiyasi Markaziy Osiyoning toʻrtta mamlakatiga, jumladan Oʻzbekistonga nisbatan qoʻllanishda davom etayotgan Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish tarafdori. Bu masalaning hal etilishi Kongressga bogʻliq, dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio.

«AQSh prezidenti administratsiyasi Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish tarafdori» — Marko Rubio
AQSh prezidenti administratsiyasi Jekson-Venik tuzatishini bekor qilishni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu haqda 19 oktyabr kuni Registon maydoniga tashrifi chogʻida AQSh davlat kotibi Marko Rubio jurnalistlarga maʼlum qildi. U bir kun avval C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvida hamda Amerika-Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan edi.
«Biz uning bekor qilinishi tarafdorimiz. AQSh Kongressida bunday qarorning nufuzli tarafdorlari kam emas. Senatda nomzodimni tasdiqlash boʻyicha eshituvlar paytida ham mendan bu haqda soʻrashgan edi va men bekor qilinishini qoʻllab-quvvatlashimni aytgandim. Administratsiya [AQSh prezidenti Donald Trampniki] ham bunga chaqirmoqda. Kongress hozircha shunchaki bu masalaga yetib kelmadi, lekin bu sodir boʻladi deb umid qilamiz», — dedi Rubio.
Jekson-Venik tuzatishi Markaziy Osiyoning beshta mamlakatidan toʻrttasiga, jumladan Oʻzbekistonga nisbatan hamon amal qilmoqda. Markaziy Osiyo xalkaro instituti direktori Javlon Vahobov avvalroq «Gazeta»ga maʼlum qilganidek, AQShning ikkala partiyasi administratsiyalari uni qayta koʻrib chiqishni qoʻllab-quvvatlagan, biroq yakuniy qaror uchun Kongressning ikkala palatasi roziligi talab qilinadi.
Uning soʻzlariga koʻra, tuzatish savdoga toʻsqinlik qilmaydi: Oʻzbekiston AQSh bilan normal savdo munosabatlari rejimidan foydalanib kelmoqda, ammo u shartli boʻlib qolmoqda va har yili qayta koʻrib chiqiladi. Bu rejimning doimiy asosda mustahkamlab qoʻyilishi maʼmuriy protseduralarni kamaytirish hamda savdo va uzoq muddatli investitsiyalar uchun sharoitlarning oldindan aniq boʻlishini oshirish imkonini berar edi.
Javlon Vahobov ikkala partiyadan boʻlgan qonun chiqaruvchilar Senat va Vakillar palatasiga tuzatishni qoʻllashni toʻxtatish va doimiy normal savdo munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini kiritganini taʼkidladi. U siyosiy qoʻllab-quvvatlash va qonunning qabul qilinishi oʻrtasidagi uzilishni asosiy toʻsiq deb atadi: buning uchun qonun chiqaruvchilarning keng koalitsiyasi va masalaning Kongressda ustuvor ravishda koʻrib chiqilishi kerak.

