AQSH poytaxtida ham 1-sentabr Oʻzbekiston mustaqilligi kuni deb eʼlon qilindi
Poytaxt Vashington meri Miriyel Bauzer 1-sentabrni shaharda Oʻzbekiston mustaqilligi kuni deb eʼlon qiluvchi maxsus farmoyishni imzoladi. Bu nafaqat mustaqillik, balki Oʻzbekiston va AQSH aloqalari, poytaxtdagi oʻzbek jamoatchiligining ahamiyatini eʼtirof etadi, deydi Vashingtondagi elchixona.

AQSH poytaxti Vashingtonda ham 1-sentabr Oʻzbekiston mustaqilligi kuni deb eʼlon qilindi.
Vashington meri Miriyel Bauzer tegishli farmoyishni imzoladi. Shu tariqa, Sietl shahridan keyin poytaxt Vashington ham Oʻzbekiston mustaqilligi kunini nishonlaydigan shaharlar qatoriga qoʻshildi. Sietl meri ham avvalroq 1-sentabrni Oʻzbekiston mustaqilligi bayrami sifatida nishonlash toʻgʻrisidagi hujjatni imzolagandi.
Imzolangan deklaratsiyada mustaqillik kunining ahamiyati va AQSHning Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgani taʼkidlangan.
Mer imzolagan hujjatda shunday deyiladi: “Bu yil Respublika oʻz mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi. Ushbu sana har yili 1-sentabrda bayram qilinib, oʻzbek xalqining boy madaniy merosi, erishgan yutuqlari hamda xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini eʼtirof etadi”.
Miriyel Bauzerning fikricha, AQSHdagi elchi Furqat Sidiqov boshchiligidagi diplomatik korpus Vashington bilan yaqindan hamkorlik qilib, shaharning taʼlim sohasidagi va madaniy xilma-xilligini rivojlantirishga hissa qoʻshib kelmoqda.
Mer deklaratsiyasida shuningdek, quyidagilar qayd etilgan: “Biz butun dunyodagi oʻzbek jamoatchiligi bilan birgalikda Oʻzbekiston mustaqilligini nishonlar ekanmiz, doʻstlik, umumiy ezgu maqsadlarni qadrlaymiz. 2026-yilning 1-sentabri Vashington va Kolumbiya okrugida “Oʻzbekiston mustaqilligi kuni” deb eʼlon qilinadi”.

