AQSh Oʻzbekistonda kichik yadroviy reaktorlar texnologiyalarini ilgari surmoqda
AQSh Oʻzbekistonda Amerikaning kichik modulli reaktorlarini joriy etish hamda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish ustida ishlamoqda, dedi davlat kotibi Marko Rubio. Avvalroq «Oʻzatom» Amerikaning reaktor texnologiyalariga qiziqish bildirgan edi.

**AQSh Oʻzbekistonda kichik yadroviy reaktorlar texnologiyalarini ilgari surmoqda**
Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonda Amerikaning kichik modulli yadroviy reaktorlarini joriy etish, shuningdek, mamlakatning elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini yangilash boʻyicha ish olib bormoqda. Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida oʻtkazilgan Amerika-Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi yigʻilishida maʼlum qildi.
«Biz Amerikaning kichik modulli reaktorlarini joriy etmoqdamiz hamda Oʻzbekistonning elektr tarmoqlari va gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya qilmoqdamiz, shu orqali hukumatga energiyaga boʻlgan shiddat bilan ortib borayotgan talabni qondirishga yordam bermoqdamiz», — dedi Marko Rubio.
Davlat kotibi aynan qaysi kichik modulli reaktor loyihalari haqida gap ketayotgani, ularni amalga oshirishga qaysi Amerika kompaniyalari jalb qilinishi mumkinligi va tegishli muzokaralar qaysi bosqichda ekaniga aniqlik kiritmadi.
Biroq 2025 yil noyabr oyida Atom energiyasi agentligi («Oʻzatom») direktori Azim Ahmedxadjayev «Gazeta»ga Oʻzbekistonda «jahon atom energetikasining eng ilgʻor safida» turgan kichik yadroviy reaktorlar boʻyicha Amerika texnologiyalarini koʻrib chiqishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakat atom energetikasida hamkorlik va texnologiyalarni diversifikatsiya qilishni davom ettirmoqda.
«Prezident Shavkat Mirziyoyevning 4−6 noyabr kunlari AQShga tashrifi davomida ushbu kelishuvlar yanada rivojlantirildi. Biz Amerikaning kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini, xususan, Holtec, GE Hitachi va NuScale kabi kompaniyalarning sertifikatlangan loyihalarini oʻrganishga qiziqishimizni tasdiqladik. Ushbu ishlanmalar bugungi kunda jahon atom energetikasining eng ilgʻor safida joylashgan», — deb taʼkidladi Ahmedxadjayev.
AQSh Davlat departamenti 7 noyabr kuni Vashingtonda Oʻzbekiston va AQSh prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp oʻrtasidagi muzokaralar yakunlari boʻyicha erishilgan qator kelishuvlar tafsilotlarini eʼlon qildi. Ular orasida Oʻzbekistonning Amerika energetika kompaniyalaridan kichik yadroviy modulli reaktorlarni sotib olish majburiyati ham koʻrsatilgan edi.
«Oʻzatom» matbuot xizmati Oʻzbekistonda bunday majburiyat yoʻqligini maʼlum qildi.
Hamkorlikning yana bir yoʻnalishi sifatida Rubio yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlari uchun zarur boʻlgan oʻta muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlashni tilga oldi.
«Biz Kolorado konchilik maktabi (Colorado School of Mines) kabi hamkorlar bilan birgalikda Oʻzbekistonning muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash imkoniyatlarini modernizatsiya qilishga yoki modernizatsiya qilishga yordam berish bilan bir vaqtda, AQShga oʻta muhim minerallarni yetkazib berish zanjiri xavfsizligini mustahkamlamoqdamiz», — dedi u.
Davlat kotibining soʻzlariga koʻra, Vashington strategik xomashyo yetkazib berishni diversifikatsiya qilishdan ham, Oʻzbekistonning qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirishdan ham manfaatdor.
Alohida ravishda u ilmiy-texnologik hamkorlikka, jumladan kvanta texnologiyalari sohasidagi aloqalarga toʻxtalib oʻtdi.
Rubio Dallasdagi Texas universitetining (University of Texas at Dallas) Samarqand kvant markazi bilan hamkorligini misol qilib keltirdi.
Davlat departamenti rahbarining soʻzlariga koʻra, AQSh Toshkentdagi IT Park raqamli tadbirkorlarini ham qoʻllab-quvvatlab, ilovalar ishlab chiquvchilarga sunʼiy intellektning ilgʻor texnologiyalari uchun Amerika chiplari va modellaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etmoqda.
Shu bilan birga, Rubio Amerika administratsiyasi foydalanayotgan terminologiya haqida hazil qildi.
«Men buni „superintellekt“ deb atashim kerak, chunki prezident Tramp farmon imzoladi, unga koʻra bundan buyon biz buni sunʼiy intellekt emas, balki superintellekt deb ataymiz. Shunga koʻra „superintellekt“ — va bu bizga maʼqul», — dedi davlat kotibi.
Marko Rubio aviatsiya sohasidagi hamkorlikni ham tilga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, Amerikaning Boeing va GE Aerospace kompaniyalari Oʻzbekiston yoʻlovchi samolyotlari uchun dvigatellar va butlovchi qismlar yetkazib bermoqda hamda mutaxassislarni oʻqitmoqda.
«Birgina oʻtgan yilning oʻzida Boeing kompaniyasi Uzbekistan Airways’ga 22 ta keng fyuzelyajli 787 Dreamliner samolyotini sotdi», — deb eslatdi u.
Davlat kotibi mamlakatlar oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik ikki tomonlama rivojlanayotganini taʼkidladi.
«Va bu ikkala yoʻnalishda ham ishlamoqda. Tarixda ilk bor AQSh hududida Oʻzbekiston ishlab chiqarishi paydo boʻladi. AKFA Group Kentukki shtatining Bouling-Grin shahrida 80 mln dollar investitsiya kiritib, uzoq muddatli sanoat ishtirokini yaratish va Amerika alyuminiy sanoatini yanada rivojlantirishga hissa qoʻshish majburiyatini oldi», — dedi Rubio.
Uning soʻzlariga koʻra, energetika, robototexnika, moliyaviy texnologiyalar, konchilik tarmogʻi va qishloq xoʻjaligida keyingi hamkorlik uchun imkoniyatlar saqlanib qolmoqda.
«Biroq Amerika-Oʻzbekiston biznes munosabatlarining keyingi davriga boshchilik qiladigan insonlar hozir ushbu zalda oʻtiribdi», — dedi davlat kotibi.
Marko Rubio AQShning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorligi istiqbollariga katta optimizm bilan qarashini bildirdi.
«Men Markaziy Osiyoda biznes va iqtisodiy oʻsishning kelajagiga katta optimizm bilan qarayman. Biz oʻz tomonimizdan kompaniyalaringiz rivojlanishi va oʻsishi mumkin boʻlgan meʼyoriy va tijorat poydevorini qoʻyish uchun zarur boʻlgan barcha ishlarni qilmoqdamiz», — deya xulosa qildi u.
Eslatib oʻtamiz, 19 oktyabr kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga tashrif buyurgan edi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar oʻtkazdi va C5+1 formatida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Davlat kotibi AQSh va mintaqa mamlakatlari oʻrtasida milliardlab dollarlik shartnomalar tuzilishi mumkinligini maʼlum qildi. Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari qatorida u oʻta muhim minerallar, Transkaspiy transport yoʻnalishi va texnologik sektor uchun mutaxassislar tayyorlashni aytib oʻtdi.
Amerika-Oʻzbekiston biznes va investitsiyalar boʻyicha kengashi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti va uning administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva amerikalik investorlarga tushunarli va oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan ish sharoitlarini vaʼda qilishdi. Rubio, shuningdek, AQSh maʼmuriyati Jekson-Venik tuzatishini bekor qilishni qoʻllab-quvvatlashini, biroq yakuniy qaror Kongressga bogʻliqligini maʼlum qildi.

