AQSH Kubaga qarshi savdo embargosini yana bir yilga uzaytirdi

AQSH Kuba bilan savdo embargosini yana bir yilga uzaytirdi. Bu haqda Prezident Donald Trampning bayonoti Qo‘shma Shtatlar hukumatining rasmiy nashri bo‘lmish Federal Register’da e’lon qilindi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, "ushbu vakolatlarning Kuba bo‘yicha amal qilishini yana 1 yilga uzaytirish AQSH milliy manfaatlariga mos keladi".
14-sentyabrda tugashi kerak bo‘lgan savdo embargosi endi 2027-yilning 14-sentyabriga qadar davom etadi. AQSH 1961-yilda oroldagi o‘ziga tegishli mol-mulklar davlat mulkiga aylantirilgach, Kuba bilan diplomatik aloqalarni uzgan va shundan so‘ng mamlakatga nisbatan savdo va iqtisodiy embargo joriy etilgan edi.
2014-yil dekabr oyida o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Barak Obama Vashingtonning Gavanaga nisbatan avvalgi siyosati samarasiz bo‘lganini tan olgan edi. U ikki tomonlama munosabatlarni me’yorlashtirish va sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha qadamlarni e’lon qildi. 2015-yilda Obama ma’muriyati Kubani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqargan edi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqinlashuv 2017-yil yanvar oyida respublikachi Donald Tramp hokimiyatga kelgach to‘xtab qoldi. U AQSH fuqarolarining Kubaga tashrif buyurish qoidalarini murakkablashtirdi va Kuba harbiylari nazoratidagi tashkilotlar bilan biznes yuritishni taqiqladi. Shuningdek, Tramp ma’muriyati Kubani yana terrorizm homiysi bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi.
5-mart kuni Tramp Vashington Eronga qarshi harbiy amaliyotni yakunlagach, Kubaga nisbatan keyingi qadamlarni belgilab olishini aytdi. 27-fevralda Oq uy rahbari AQSH Kubani o‘z nazoratiga olishi mumkinligini bildirdi. Politico nashri 18-may kuni Qo‘shma Shtatlar hukumati Kubaga qarshi harbiy kuch ishlatishga tobora ko‘proq moyil bo‘layotgani haqida yozdi. Iyun oyida Axios’ga bergan intervyusida AQSH prezidenti Kubada rahbariyatni o‘zgartirishini istisno etmadi.
Avvalroq Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel AQSHni o‘z xalqiga nisbatan genotsid sodir etayotganlikda va mamlakatni egallab olishga urinayotganlikda ayblagani haqida xabar berilgandi.

