Siyosat

AQSH Eron bilan muzokaralarga Avstriya va Gretsiyani ham jalb qilmoqda

AQSH Eron bilan muzokaralarga Avstriya va Gretsiyani ham jalb qilmoqda

AQSH Eron bilan muzokaralarni qayta boshlash maqsadida Avstriya va Gretsiya bilan diplomatik aloqalarni faollashtirdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio 11-avgust kuni Vashingtonda Avstriya tashqi ishlar vaziri Beate Maynl-Raysinger bilan uchrashdi. Ertasi kuni esa Gretsiya tashqi ishlar vaziri Yorgos Gerapetritis bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Ko‘p o‘tmay, Avstriya va Gretsiya tashqi ishlar vazirlari Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan ham muloqot qildilar.

AQSH Davlat departamenti Rubioning ulardan Vashington nomidan Tehronga biror xabar yetkazishni so‘ramaganini ma’lum qildi. Biroq uchrashuv va suhbatlarda Eron masalasi muhokama qilinganini tasdiqladi.

AP suhbatlashgan yevropalik diplomatga ko‘ra, ushbu diplomatik aloqalarning ketma-ketligi tasodifiy emas.

“Avstriya Eron bilan navbatdagi muzokaralarni Venada o‘tkazishni taklif qilgan. Xalqaro atom energiyasi agentligining bosh qarorgohi ham shu shaharda joylashgan. 2015-yilda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yakuniy muzokaralar ham Venada o‘tkazilgan edi. Gretsiya esa Hormuz bo‘g‘ozi va Qizil dengizdagi kema qatnovidan bevosita manfaatdor. Gerapetritis Aroqchi bilan suhbatda dengiz yo‘llarining ochiqligi va kemalarning erkin harakatlanishi muhimligini ta’kidlagan”, deyiladi tahliliy maqolada.

Avstriya tomoni ham Eron bilan bog‘liq muammoni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini bildirib, diplomatik kelishuv imkoniyati saqlanib qolayotganini qayd etgan.

AQSH va Eron o‘rtasidagi muloqotda Ummon, Qatar, Turkiya va Pokiston ham ishtirok etmoqda. Biroq muzokaralar hozircha barqaror natija bermagan.

Vashington uchun asosiy masalalardan biri Hormuz bo‘g‘ozida kema qatnovini tiklashdir. Dunyo bo‘yicha dengiz orqali tashiladigan neftning salmoqli qismi shu strategik yo‘lakdan o‘tadi.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Hormuz bo‘g‘ozini ochish neft va gaz narxlarini nazorat qilish uchun muhimligini aytgan. Vashingtonning yana bir maqsadi Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekani bildirilgan.

Urush boshlanganiga qariyb olti oy bo‘ldi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi 2026-yil 28-fevralda boshlangandi. Oradan qariyb olti oy o‘tgan bo‘lsa-da, harbiy qarama-qarshilik davom etmoqda. Urush fonida Hormuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi ham keskin cheklangan.

Iyun oyida AQSH va Eron vaqtinchalik kelishuvga erishgan, biroq u uzoqqa cho‘zilmadi. Vashington Tehronni Hormuz bo‘g‘ozini ochmaganlikda, Eron esa AQSHni portlar blokadasini bekor qilmaganlik va boshqa majburiyatlarni bajarmaganlikda ayblagandi.

Avgust boshida tomonlar Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashgani aytilgan bo‘lsa-da, muzokaralar yana natijasiz yakunlangan.

Eron bo‘g‘ozni ochish evaziga sanksiyalarni yumshatish va urush uchun kompensatsiya talab qilmoqda. AQSH esa erkin kema qatnovini tiklash va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kafolatlar olishni istamoqda.

Tomonlarning asosiy talablar bo‘yicha pozitsiyalari o‘zgarmayotgani sabab diplomatik urinishlar hozircha sezilarli natija bermagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.