Siyosat

AQSH butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlarini to‘xtatdi

AQSH butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlarini to‘xtatdi

AQSH hukumati butun dunyo bo‘ylab viza suhbatlarini vaqtincha to‘xtatdi. Prezident Donald Tramp maʼmuriyati Oq uyga qaytganidan so‘ng migratsiyaga qarshi qatʼiy choralar ko‘rmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti vakilining 25-avgust kuni maʼlum qilishicha, dunyodagi barcha AQSH elchixonalari va konsulliklarida global trening boshlangan. Treninglar o‘tkazilishi sababli viza xizmatlari uchun belgilangan uchrashuvlar vaqti o‘zgartiriladi.

Tramp mamlakat ichidagi xavfsizlikni yaxshilash maqsadida noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish va immigratsiya nazoratini kuchaytirish siyosatini olib bormoqda. Ushbu choralar doirasida siyosiy qarashlar hamda AQSHning ittifoqchisi bo‘lmish Isroilning G‘azoga hujumlariga qarshi namoyishlarda qatnashish kabi qator sabablar bilan vizalar hamda grin kartalar bekor qilinmoqda, arizalar rad etilmoqda.

Biroq bu qatʼiy siyosat sudlarda eʼtirozlarga uchramoqda. O‘tgan haftada AQSH sudi Tramp maʼmuriyatining 75 ta davlat fuqarolariga immigrantlik vizalarini berishni to‘xtatish haqidagi qarorini bekor qildi. Sudya bu siyosat davlat kotibi Marko Rubioning qonuniy vakolatlari doirasidan chiqib ketganini taʼkidladi.

Davlat departamenti o‘tkazilayotgan trening tafsilotlari va uning qancha davom etishi haqida aniq maʼlumot bermadi. Idoraga ko‘ra, bu mashg‘ulotlar konsullik xodimlariga AQSH davlat nafaqalariga qaram bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan nomzodlarni aniqlashga hamda vizalarni har tomonlama va bir xil baholashga yordam beradi.

Viza uchrashuvlarining to‘xtatilgani haqida birinchi bo‘lib Financial Times nashri xabar bergandi. Manbaga ko‘ra, AQSH elchixonalari va konsulliklarida suhbat kuni belgilangan immigrantlik vizasi nomzodlariga xatlar yuborilgan. Unda uchrashuvlar ko‘chirilgani va yangi sana haqida keyinroq xabar berilishi aytilgan.

Inson huquqlari tashkilotlari Trampning ushbu siyosatini keskin qoralamoqda. Ular bu choralarni kamsituvchi hamda so‘z erkinligi va adolatli sud huquqlarini buzuvchi deb hisoblaydi. Shuningdek, huquq himoyachilari bunday choralar AQSHda, ayniqsa irqiy kamsitishdan xavotirda bo‘lgan milliy ozchiliklar uchun xavfli muhit yaratganini taʼkidlamoqda.

Tramp 2024-yilgi saylov kampaniyasida noqonuniy immigratsiyani to‘xtatishga vaʼda bergandi. Biroq uning maʼmuriyati qonuniy immigratsiyani ham qiyinlashtirmoqda. Masalan, ishchi vizalarining ayrim turlari uchun nomzodlarga yangi va qimmat to‘lovlar joriy etildi.

Shuningdek, kuni kecha Tramp ma’muriyati boshpana so‘ragan 200 ming xorijlikning vizalarini bekor qilmoqchiligi haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, AQSHga qisqa muddatli biznes va turizm vizasi bilan kelib, keyinchalik boshpana so‘ragan fuqarolarning hujjatlarini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng yirik ommaviy viza bekor qilinishi bo‘lishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.