AQSH BMTga 725 mln dollar ajratishni rejalashtirmoqda

AQSH BMTga 725 million dollar ajratish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 725 million dollar miqdorida mablag‘ o‘tkazish rejasini Kongressga bildirdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Mutaxassislar ushbu qadamni BMTning milliardlab dollarlik qarzdorligini bartaraf etish yo‘lidagi ijobiy harakat sifatida baholamoqda. Avvalroq Tramp ma’muriyati BMTni tanqid qilib, uning ko‘plab agentliklariga ajratiladigan moliyaviy yordamni qisqartirgandi.
AQSH rasmiysining ta’kidlashicha, har qanday mablag‘ning ajratilishi tashkilotda islohotlarning davom etishiga bog‘liq bo‘ladi. Prezident Donald Tramp kelgusi oy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlaydi. 725 million dollar aynan shu tadbir oldidan ajratilmoqda. Biroq, 21-avgust holatiga ko‘ra, Vashington hali hech qanday mablag‘ o‘tkazmagan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish joriy yilda a’zo davlatlarning to‘lanmagan badallari tufayli tashkilot "yaqinlashib kelayotgan moliyaviy inqiroz"ga duch kelganini aytgandi.
"AQSH o‘tgan olti oy davomida BMT borasida tarixiy islohotlarga erishdi. Ilgari imkonsiz deb hisoblangan ushbu islohotlar BMT tarixidagi birinchi real byudjet qisqartirishini ham o‘z ichiga oladi va bu deyarli bir milliard dollarlik qisqartirishga olib keldi", dedi Davlat departamenti rasmiysi.
Aprel oyida Devex media platformasi AQSH mablag‘larni ajratish uchun xarajatlarni yanada qisqartirish va Xitoyning ta’siriga qarshi kurashish kabi aniq shartlar qo‘yganini xabar qilgandi.
725 million dollar BMT AQSHga tegishli deb ma’lum qilgan 4 milliard dollardan ortiq qarzdorlikning 20 foizidan ham kamrog‘ini tashkil etadi. Garchi Vashington umumiy ko‘rsatkich ancha past ekanini va ba’zi to‘lovlar amalga oshirilganini ta’kidlab keladi.
BMTning sobiq xodimi Yujin Chenning aytishicha, bunday o‘tkazma tashkilot xodimlari maoshlarini ma’lum muddatga to‘lashga yordam beradi, ammo ularning barchasini qoplay olmasligi mumkin.
"Agar AQSH qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirmasa, ehtimol yanvar oyida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘ladi", dedi Yujin Chen.
BMT Ustavining 19-moddasiga ko‘ra, agar a’zo davlatning yillik to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi ikki yildan oshsa, u Bosh Assambleyada ovoz berish huquqini yo‘qotadi.
"Agar ular qarzdorlikning katta qismini to‘lasa, BMT baribir nol zaxirada ishlashda davom etadi, lekin yilni bir amallab o‘tkazib oladi. Agar to‘lamasa, BMT yilning so‘nggi ikki-uch oyida maoshlarni to‘lash va faoliyatini davom ettirish borasida jiddiy muammoga duch kelishi mumkin", deya qo‘shimcha qildi BMT moliyasi bo‘yicha Germaniyaning IDOS tahlil markazi eksperti Ronni Pats.
AQSH BMT byudjetiga eng katta hissa qo‘shuvchi davlat hisoblanadi. Biroq Tramp ma’muriyati majburiy to‘lovlarni amalga oshirishdan bosh tortgan. Shuningdek, o‘z byudjetiga ega bo‘lgan BMT agentliklarini ixtiyoriy moliyalashtirishni ham qisqartirgan.

