Siyosat

“Aqlli” gaz hisoblagichlar: yopiq shartnoma, trillionlab xarajat va endi jinoyat ishi

Texnopark va “Hududgazta’minot” mas’ullari gaz hisoblagichlarga texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida talon-torojga qo‘l urgani aytilyapti. Bu jinoyat ishi Osten brendi ostidagi hisoblagichlar bilan bog‘liq boshqa masalalarni ham yana dolzarblashtiradi – tergov davomida avvalroq jamoatchilikda tug‘ilgan savollarga ham e’tibor qaratilsa ajab emas. Xo‘sh, Texnopark qachon, kim tomonidan tashkil etilgan va 5,3 trln so‘mlik shartnomani qanday qo‘lga kiritgan edi?

“Aqlli” gaz hisoblagichlari bilan bog‘liq yopiq shartnoma, trillionlab xarajatlar va endi jinoyat ishi yuzasidan tergov boshlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lumotlariga ko‘ra, “Hududgazta’minot” AJ va “Texnopark” MChJ mansabdor shaxslari boshqa shaxslar bilan til biriktirib, elektron gaz hisoblagichlariga texnik xizmat ko‘rsatish niqobi ostida qariyb 19,9 milliard so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan. Bundan tashqari, iste’molchilarga o‘rnatilgan 273 dona gaz hisoblagichining ko‘rsatkichlari kam hisoblangani natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 861,1 million so‘m zarar yetkazilgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, “aqlli” gaz hisoblagichlarini joriy etish boshlanganidan buyon bu masala atrofida turli savollar muntazam ravishda ko‘tarilib kelmoqda.

**Loyihaning boshlanishi va noxush hodisalar**

2019-yilda O‘zbekistonda “aqlli” gaz hisoblagichlarini mahalliylashtirish rejasi e’lon qilinganida, loyiha mamlakat energetika tizimini raqamlashtirishdagi muhim bosqich sifatida taqdim etilgan edi. O‘shanda zamonaviy elektron gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Artel kompaniyasi bilan muzokaralar olib borilgani ma’lum qilingan, ammo yakunda mahsulot ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi sifatida Toshkent shahar hokimligiga qarashli “Texnopark” MChJ tanlangan.

2020-yilda Toshkentdagi Texnopark hududida qiymati 50 million dollarlik zavod ishga tushirildi. U yerda SIM-karta o‘rnatilgan, sarflangan gaz hajmini avtomatik ravishda markaziy serverga uzatuvchi Osten markali hisoblagichlar ishlab chiqarila boshlandi. Rasmiy xabarlarda yiliga 3 million dona hisoblagich ishlab chiqarilishi aytilgandi.

Qurilmalarni o‘rnatish boshlanishi bilan bir nechta holatlar tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Xususan, 2020-yilning o‘zida Andijonda 40 dan ortiq “aqlli” gaz hisoblagichi ishlamay qolgani, ayrim xonadonlarda esa qurilmalar portlagani haqida xabarlar tarqaldi. Texnopark esa hisoblagichlar sifati kafolatlanganini, mazkur muammolar o‘rnatish jarayonidagi xatoliklar oqibati ekanini ma’lum qildi.

Bir yil o‘tib, Uchtepa tumanida yana Osten hisoblagichlaridan biri yonib ketdi – “Hududgazta’minot” bu hodisa hisoblagichdagi nuqson emas, tashqi ta’sir oqibatida yuz berganini bildirgan edi.

2024-yilga kelib esa yana bir tizimli muammo yuzaga chiqdi. Ayrim hisoblagichlarda batareya quvvati bir necha yil ichida tugab, qurilmalar markaziy tizimga ma’lumot uzatmay qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

2026-yil iyul oyiga kelib, aholi xonadonlariga o‘rnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma’lumot uzatmayotganini bevosita davlat rahbari ham tanqid qildi.

**Narxlar, tender va shaffoflik bo‘yicha savollar**

Hisoblagichlarning texnik jihatlari bilan bir qatorda, loyiha qiymati ham bahs mavzusi bo‘lib kelmoqda. Yangi hisoblagich o‘rnatilishi bo‘yicha davlat kompaniyasining xarajatlari jamoatchilikka ochiq e’lon qilinmadi.

OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Texnopark va “Hududgazta’minot” o‘rtasida 2020-yil 23-aprelda tuzilgan shartnomaga asosan, Texnoparkka berilgan davlat buyurtmasi quyidagilarni o‘z ichiga olgan: jami 3 546 148 dona har xil modeldagi gaz hisoblagich qurilmasi, 2 455 176 dona hisoblagich va gaz bosimi regulyatori uchun quti, 1 292 969 dona regulyator. Kompaniya bu qurilmalarni 2021-yil 1-iyuliga qadar to‘liq yetkazib berishi ko‘zda tutilgan.

Anhor.uz'ning yozishicha, respublika bo‘ylab 3,54 million dona “aqlli” gaz hisoblagichi o‘rnatish loyihasi qiymati 5,28 trillion so‘m etib belgilangan, bu esa bitta hisoblagich narxi o‘rtacha 1,49 million so‘mga tengligini ko‘rsatadi.

Nashr xorijdagi shunga o‘xshash hisoblagichlarning chakana narxlari bundan ancha past ekaniga e’tibor qaratib, ishlab chiqaruvchi tanlovi faqat mahalliy kompaniyalar o‘rtasida o‘tkazilgani, “Texnopark”ga berilgan ayrim imtiyozlar va davlat kompaniyasining xaridlari yuzasidan oshkoralik yetarli emasligini tanqid qilgan.

Tahlilda davlat mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan bunday loyihalarda xarid narxlari va tender jarayonlari bo‘yicha to‘liq ochiqlik ta’minlanishi zarurligi ta’kidlangan. Darhaqiqat, yuqorida keltirib o‘tilgan 2020-yil 23-apreldagi shartnoma, garchi yirik davlat xaridiga oid bo‘lsa-da, ko‘plab boshqa davlat xaridlariga oid shartnomalardan farqli ravishda, jamoatchilikka ochiqlanmagan.

**Texnopark qanday kompaniya?**

“Texnopark” MChJ Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligida tashkil etilgan sanoat klasteri bo‘lib, maishiy texnika, elektronika, qurilish materiallari, lift va eskalatorlar, energetika uskunalari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda korxona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik sanoat maydonlaridan biri sifatida taqdim etib kelinmoqda.

Shu bilan birga, kompaniya tashkil etilishi va ayrim yirik davlat buyurtmalarini olishi sababli jamoatchilik e’tiboridan ham chetda qolmagan. Xususan, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev davrida tashkil etilgani bois uning kompaniyaga aloqadorligi haqidagi iddaolar bir necha bor yangragan.

Kun.uz avvalroq bu bog‘liqlikni o‘rganar ekan, o‘sha vaqtda Texnopark direktori bo‘lgan Sarvar Ahadov bundan oldin “Dream Production” qo‘shma korxonasida ishlagani, mazkur korxona esa “Artel Group” bilan bir manzilda joylashganiga e’tibor qaratgan edi. Biroq o‘sha paytda Artel rasmiylari “aqlli” gaz hisoblagichlari loyihasi va “Texnopark” bilan aloqasi yo‘qligini bildirgan.

Ayni paytda olib borilayotgan jinoyat ishi tergovi ushbu loyiha yuzasidan yillar davomida to‘plangan savollarga huquqiy baho berilishida muhim bosqich bo‘lishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.