Aqliy nogironligi bor yoshlar iste’dodini ochayotgan “Tabassum”: ularga qanday ko‘nikmalar o‘rgatilmoqda?
Toshkentdagi 'Tabassum' inklyuziv ustaxonasi aqliy nogironligi bor yoshlarga nafaqat hunar o‘rganish, balki mustaqil hayotga qadam qo‘yish imkonini ham bermoqda. U yerda kulolchilik, hatto sham va sovun tayyorlash ham o‘rgatilyapti. 'Ulardagi yashirin iste’dodni ochishimiz kerak', — deydi tyutor. Gazeta reportaji.

Aqliy nogironligi bor yoshlar iste’dodini yuzaga chiqarayotgan “Tabassum”: ularga qanday ko‘nikmalar o‘rgatilmoqda?
Toshkentda aqliy nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan “Tabassum” inklyuziv ustaxonasi faoliyat boshlaganiga bir yil bo‘ldi. 20 o‘rinli ustaxonada yoshlar kulolchilik, tikuvchilik, sham va sovun tayyorlash kabi hunarlarni hamda kundalik hayot ko‘nikmalarini o‘zlashtirmoqda. Shu orqali ular o‘z qobiliyatlarini namoyon qilish va jamiyat hayotida faol qatnashish imkoniga ega bo‘lyapti.
“Tabassum” loyihasi hamda “Quyoshli olam” NNT rahbari Shahnoza Ikromovaning aytishicha, asosiy maqsad — yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash va kelajakda o‘z mehnati evaziga daromad topishi uchun sharoit yaratish.
Loyiha g‘oyasi Ikromovaning shaxsiy tajribasidan boshlangan. O‘g‘li Rustam tug‘ilgach, uning rivojlanishi bilan bog‘liq jarayonlarni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishga to‘g‘ri kelgan. Bola maktabni tugatish arafasiga yetganda, uni keyin nimalar kutayotgani haqida o‘ylay boshlagan. Nogironlik bo‘yicha xalqaro ekspert sifatida turli davlatlarga borgan Shahnoza Ikromova Turkiya, Yaponiya va Belgiyadagi inklyuziv kafe hamda ustaxonalar tajribasini o‘rgangan. Bu esa uni O‘zbekistonda ham shunday tizim yaratish mumkinligi haqida reja tuzishga undagan.
Ikromovaning kuzatishicha, maktabni bitirgan ayrim nogironligi bo‘lgan yoshlarning kun tartibi uyda o‘tirish, televizor ko‘rish yoki telefondan foydalanish bilan cheklanib qoladi. Bu esa ularning rivojlanishi va mustaqilligiga salbiy ta’sir qiladi.
“Har bir inson hayotda qandaydir maqsad bilan yashashi kerak”, — deydi u.
Shu tariqa, 2022-yilda “Tabassum” markazi tashkil etildi. U yerda reabilitatsiya va ko‘p funksional xizmatlar ko‘rsatib kelinadi. Nutq va maxsus pedagoglar tomonidan, shuningdek, o‘z-o‘ziga xizmat qilish va hayotiy ko‘nikmalar bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish, reabilitatsiya va erta aralashuv xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz yangi binoga ko‘chgach, u bir necha yil faoliyat yuritgan 100 yillik tarixga ega binoda UNICEF granti asosida 2025-yil avgustida “Tabassum” inklyuziv ustaxonasi ochildi. Jamoa shakllantirilib, professional ustalar jalb qilindi, Mehmonxonalar hamda Volontyorlar assotsiatsiyalari bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Ustaxonada Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutini bitirgan ustalar va ikki nafar tyutor ishlamoqda. Hozir u yerga 15 nafarga yaqin yigit-qiz muntazam keladi. Ustaxona bir vaqtning o‘zida 20−25 nafar bolani qamrab olish imkoniga ega.
Bu yerda chashka, broshka, brelok va interer buyumlari tayyorlanadi. Mahsulotlar Toshkentdagi uchta mehmonxonada, shuningdek, Human House orqali ham sotilmoqda. Buyumlarga QR kod joylashtirilib, ularning qanday tayyorlanganini ko‘rish mumkin.
“Bolalarimiz yasagan narsalarni achinish sifatida emas, aynan sifatli mahsulot bo‘lgani uchun xarid qilishlarini xohlaymiz”, — deydi Shahnoza Ikromova.
Ikromovaga ko‘ra, ustaxonaning hozirgi asosiy xarajatlari mahsulotlar savdosi hisobidan to‘liq qoplanmayapti. Ayni paytda loyiha grant mablag‘lari hisobiga ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Grant doirasida xomashyo, ustalarning maoshi va brendni rivojlantirish xarajatlarini qoplash nazarda tutilgan. Shu bois ustaxona rahbariyati turizm sohasi bilan hamkorlikni kuchaytirib, turistlar uchun pulli mahorat darslarini tashkil etishni rejalashtiryapti.
Shuningdek, “Tabassum” ustaxonasi prezident farmoni bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yangi kun” loyihasiga qo‘shildi. U 18 yoshdan katta, aqliy nogironligi bo‘lgan insonlarning uyda qolib ketishining oldini olishga qaratilgan. Bu yerda ishtirokchilarning funksional diagnostikasi o‘tkazilib, ular uchun davlat subsidiyasi ajratilishi ko‘zda tutilgan.
“Grant va subsidiyalarga bog‘liq bo‘lib qolmaslikni istaymiz. Oliy maqsadimiz — ustaxonani yaxshi biznes darajasiga yetkazish, mahsulotlarimiz savdosini ko‘paytirish va usta darajasiga yetgan bolalarga mehnat shartnomasi orqali haq to‘lash”, — deydi Shahnoza Ikromova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsadga birdaniga erishib bo‘lmaydi. Ammo ustaxona faoliyatining birinchi yilidayoq bino ta’mirlanib, ish jarayoni va mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yildi. Endi asosiy vazifa — ustaxonani o‘zini o‘zi qoplaydigan tizimga aylantirish va yoshlarning o‘z mehnati orqali mustaqil bo‘lishiga erishish.
Naima Umarova ustaxonada bolalarni kutib olish, ota-onalar bilan ishlash, ustozlarga yordam berish va mashg‘ulotlarni nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Uning aytishicha, ustaxona faoliyatining dastlabki davrida ota-onalar ham, xodimlar ham bolalarning yangi muhitga qanday moslashishidan xavotirlangan. Ammo vaqt o‘tishi bilan bolalarning tez kirishib ketishi, berilgan vazifalarni bajarishga urinishi ularda ishonch uyg‘otgan.
“Nima vazifa bersangiz, qila olmasa ham, „Qila olmayman“ deyishmaydi. „Xo‘p“ deb harakat qilib ko‘radi. Biz buni ko‘rib, xursand bo‘lamiz”, — deydi u.
Ustaxonada bolalarga hunarmandchilik bilan birga kundalik hayotda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalar ham o‘rgatiladi. Ular tozalash, ovqat tayyorlash, hovlidagi yumushlarda qatnashadi. Yangi kelgan bolaga ishni bir marta ko‘rsatib berish kifoya — u keyin boshqalarga qo‘shilib, jarayonda qatnasha boshlaydi.
“Biz diagnoziga qarab alohida yondashamiz deb o‘ylagandik. Aslida, ko‘rsatib bersangiz, o‘zlari kirishib ketisharkan. Qiynalgan joyida „ustoz“ deb chaqirishadi”, — deydi tyutor.
Bu yerda bolalar soat 10:00 dan 16:00 gacha shug‘ullanadi. Har kuni issiq ovqat tayyorlanadi. Kun oxirida ayrim bolalar mustaqil ketadi, boshqalarini ota-onasi olib ketadi yoki xodimlar taksiga kuzatib qo‘yadi.
Naima Umarovaning fikricha, bunday ustaxonalar O‘zbekistonda ko‘proq bo‘lishi kerak. Chunki bolaning imkoniyatini faqat tashxisiga qarab belgilab qo‘yish to‘g‘ri emas.
“Shahnoza opam doim „Bolalarga o‘zlaringcha baho berib, bu qila oladi, bu qila olmaydi demanglar. Hammasining yashirin iste’dodi bor, shuni ochimiz kerak“ deydi. Shu tamoyil asosida biror ishni bajara olmagan bolaga ham „kelma“ demaymiz. Chunki uning qiziqishi boshqa yo‘nalishda bo‘lishi mumkin: kimdir loy bilan ishlashni, kimdir rang berishni, yana kimdir hovlidagi yumushlarni yaxshi ko‘radi”, — deydi u.
Uning aytishicha, o‘zlashtirishi yaxshi bo‘lgan bolalar boshqalarga yordam berishga jalb qilinadi. Bu ularda o‘zini qadrlash va kerakli inson ekanini his qilish tuyg‘usini kuchaytiradi. Bir yilga yaqin vaqt ichida bolalarning ko‘nikmalari bilan birga tayyorlayotgan mahsulotlari sifati ham sezilarli o‘zgargan.
“Birinchi yasagan krujkalarimizni ko‘rsangiz, hozirgisi bilan farqi katta. Bugungi mahsulotlarimiz juda yaxshi darajaga o‘zgargan. Ko‘rgazmalarga chiqqanda, oldin qanday edi, hozir qanday — shunga qarab, „Zo‘r o‘sibmiz“ deyman”, — deydi Naima Umarova.
Uning uchun bu o‘zgarishlar faqat mahsulot sifati yaxshilanganini emas, bolalar o‘z qo‘li bilan nimadir qila olishi, mehnatining natijasini ko‘rishi va o‘z imkoniyatiga ishona boshlaganini anglatadi.
“Tabassum”da tayyorlangan mahsulotlar asosan korporativ buyurtmalar va turizm sohasi orqali sotilmoqda. Loyiha menejeri Yelena To‘rayevaning aytishicha, kompaniyalar ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qiziqishi ortib borayotgani sabab mahalliy mahsulotlarga ham e’tibor qaratmoqda.
“Kompaniyalar qandaydir Xitoy zavodida buyurtma berishdan ko‘ra, biznikiga o‘xshash mahalliy loyihalarga e’tibor qaratib, o‘z buyurtmalari bilan qo‘llab-quvvatlamoqda”, — deydi u.
Loyiha Toshkentdagi bir nechta mehmonxona bilan hamkorlik qilmoqda, Buxoro va Samarqanddagi mehmonxonalar hamda turistik do‘konlar bilan muzokaralar olib borilyapti. Keyingi qadam — Xiva kabi turistik yo‘nalishlarga chiqish.
Uning ta’kidlashicha, hududlarda sotuvni yo‘lga qo‘yishda to‘lov tizimi muammo bo‘lmoqda. Toshkentda o‘zbek kartalari orqali QR kod bilan to‘lov qabul qilinsa, turistlarning Visa yoki Mastercard kartalari bilan joyida to‘lov qilish imkoniyati hozircha to‘liq ishlamayapti. Har bir hududda alohida sotuvchi ishlatish esa qo‘shimcha xarajat talab qiladi.
Menejerga ko‘ra, ustaxonaning o‘zida ham turistik maskan tashkil etish rejalashtirilgan. Mehmonlar bu yerda mahsulot tayyorlash jarayoni bilan tanishib, krujka yoki likopcha yasab ko‘rishi, tayyor mahsulotlarni xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek choyxonasi tashkil qilinib, ustaxonadagi yigit-qizlarga ofitsiantlik ko‘nikmalarini sinab ko‘rish imkoniyati yaratiladi.
“Ofitsiantlik ham ular o‘zini namoyon qilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlardan biri”, — deydi To‘rayeva.
Uning qayd etishicha, mahsulotlarni sotish va targ‘ib qilishda ko‘rgazmalar ham muhim ahamiyatga ega. Ustaxona turizm va qo‘l mehnati ko‘rgazmalarida ishtirok etib, o‘z ustalarini ham savdo jarayoniga jalb qilyapti. Rustam va Bobur kabi bolalar mahsulot tayyorlashdan tashqari, xaridorlar bilan ishlashni ham o‘rganmoqda.
“Ishlab chiqarish hajmi pech sotib olganimizdan keyin oshdi. Sterling fondi ko‘magida pech xarid qilingach, avval haftasiga 10−15 ta krujka tayyorlangan bo‘lsa, hozir 50−70 taga yetgan. Reja — bu ko‘rsatkichni haftasiga 150 taga chiqarish. Broshka ishlab chiqarish ham ikki-uch oy avvalgi 150 ta atrofidan haftasiga 800 tagacha ko‘paygan. Pechni endigina oldik va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jarayonidamiz. Bu biz uchun yaxshi natija”, — deydi To‘rayeva.
Nilufar To‘xtayeva
Qizim Jannatoy 20 yoshda. “Tabassum”ga 2025-yil oktabridan beri kelamiz. U maktabni bitirganiga uch yil bo‘lgan, uyda juda zerikayotgan edi. Qizimni qayerga olib borish, qanday to‘garaklarga jalb qilish mumkinligini bilish uchun ko‘p joylarni izladim, mahalla va davlat idoralariga ham murojaat qildim. Nihoyat, “Tabassum”ni ijtimoiy tarmoqlar orqali topdik.
Jannatoy.
Bu yerga qatnay boshlagandan keyin Jannatoyda katta o‘zgarish yuz berdi. Avval hayotga nisbatan tushkunlikka tushib qolgan edi, hozir esa dunyoqarashi o‘zgarib, har kuni xursand bo‘lib, shu yerga shoshadi. Ustozlari haqida yaxshi gapiradi, uyga kelib, kun davomida nima yasaganini hayajon bilan so‘zlab beradi. Bu maskanni shu qadar yaxshi ko‘radiki, biror kun qoldirmaslikni istaydi. Hatto mazasi bo‘lmasa ham, “Men borishim kerak, meni kutishyapti” deydi.
Men uchun “Tabassum” shunchaki vaqt o‘tkazadigan joy emas, balki bolalar rivojlanib, o‘zini namoyon qiladigan maskan. Qizim bu yerda ovqat tayyorlash va kulolchilikka qiziqib qoldi. Ilgari bunday mashg‘ulotlarga qiziqishi yo‘q edi. Shuning uchun “Tabassum”ni mehr va mo‘’jiza markazi deb bilaman. Qizim ham, oilamiz ham ustaxonadagilardan juda minnatdor.
O‘g‘lim Rustam 18 yoshda. “Tabassum”ga ikki yildan beri kelamiz. Ilgari uyda o‘tirib qolgan edi, keyin maktabdagilar shu yerni tavsiya qilishdi. Kelganidan buyon unda katta o‘zgarish bo‘ldi: hozir ertalab o‘zi turib, xursand bo‘lib keladi, hech kimning yordamisiz o‘z ishini bajaradi. Yaqinlarimiz ham uning ishlarini kuzatib, qo‘llab-quvvatlaydi. Eng muhimi, bu yerda u o‘zining mas’uliyatini his qila boshladi. Har kuni bajaradigan ishi borligi uni katta hayotga tayyorlayapti.
“Tabassum” bo‘lmaganida, o‘g‘limni qayerga olib borishimni tasavvur ham qila olmayman. Oddiy ish joylari unga mos emas, alohida e’tibor kerak. Bu yerda esa bolalar doimiy nazoratda, mehr va e’tibor qurshovida bo‘ladi. Biz ham kun davomida xotirjam yuramiz.
Men uchun “Tabassum” — e’tiborsiz qolgan bolalarni bag‘riga oladigan joy. Bu yerda har bir bolaning o‘z mas’uliyati va vazifasi bor. O‘g‘limning ikki yil ichida mustaqil shaxs sifatida rivojlanayotganini ko‘rib, juda xursand bo‘laman.
O‘g‘lim Asliddin 19 yoshda. “Tabassum”ga kelayotganimizga bir yil to‘ldi. Ungacha farzandim uyda o‘tirar, juda zerikar, nima qilishini bilmasdi. Bu yerga boshida qiziqmadi, ammo ikki-uch oydan keyin moslashib, turli buyumlar yasay boshladi. Hozir esa ertalab xursand bo‘lib keladi, hatto shanba kunlari ham “boraman” deydi. Kayfiyati ham ancha yaxshilanib, bosiq bo‘lib qolgan, avvalgidek ko‘p asabiylashmaydi.
Hozir kichik yurakchalar, anorchalar yasayapti, o‘rganganlarini uyda ham davom ettiryapti. Ustozi Naima uning ishlayotgan videosini yuborganida, o‘zim ham hayron qolgandim — xamirni o‘zi yoyib, qolipda kesayotgan ekan. Bolamning vaqti mazmunli o‘tayotganidan juda xursandmiz.
“Tabassum” bo‘lmaganida, hayotimiz qanday bo‘lishini tasavvur qilolmayman. Ilgari u bilan doim birga bo‘lishim, qarashim kerak edi. Hozir esa ertalab olib kelib, kun mobaynida xotirjamlikda o‘z ishlarim bilan shug‘ullanaman. Men uchun “Tabassum” — alohida e’tiborga muhtoj bolalarning kelajagini o‘ylab ochilgan, ularga mehr va imkoniyat beradigan maskan hisoblanadi.
Ustaxona rahbari Shahnoza opani qizim Muazzam tug‘ilganidan beri taniyman. Ilk bor skrining markazida ularning raqamini berishgan edi. Keyin “Umnichka” markazida mutaxassislar bilan shug‘ullandik. Hozir Muazzam Shayxontohurdagi 324-maktabda inklyuziv ta’lim olyapti, “Tabassum”ga esa o‘tgan yildan beri kelamiz.
Bu yerda qizimda sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Dastlab vazifalarni ustozlarining yordami bilan bajargan bo‘lsa, hozir nima qilish kerakligini o‘zi anglab, mustaqil ishlaydi. Loyni kerakli darajada yoyib, qoliplar yordamida turli shakllar yasashni ham o‘rgandi. Ustozlari ham uning intilishidan mamnun. Eng quvonarlisi, Muazzam kulolchilikka mehr qo‘ydi.
Bu yerda u jamoaga ham moslashdi, tengdoshlariga yordam berishni o‘rganyapti. Yangi kelgan bolalarni ham iliq kutib olib, qo‘lidan kelgancha ko‘maklashadi. Undagi shu o‘zgarish men uchun juda quvonarli.
“Tabassum” singari ustaxonalar bunday bolalar uchun nihoyatda zarur. Chunki ularga mos sharoit va e’tibor ko‘rsatiladigan joylar hali ham kam. Qizimni bu yerga biror kasb-hunar o‘rganib, o‘z qiziqishini topsin, degan niyatda olib kelgan edim. U esa kulolchilikni yaxshi ko‘rib qoldi.
“Tabassum”ni bir so‘z bilan ta’riflash qiyin. Bu yerda bolalar o‘z uyidagidek erkin, mehr va g‘amxo‘rlik ichida bo‘ladi. Ustozlar ularni bir-biridan ajratmaydi, har biriga o‘z farzandidek munosabatda bo‘ladi. Balki shuning uchun ham bolalar bu muhitga tez ko‘nikib, o‘zini erkin his qila boshlaydi.

