Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi Nvidia’ni ortda qoldirib, dunyoning eng qimmat kompaniyasi maqomini qaytarib oldi. 30-oktabr kuni savdolar yakunlariga köra, Apple kapitallaşuvi 5,03 trillion dollarga, Nvidia’niki esa 4,93 trillion dollarga tuşdi.

Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple korporatsiyasi Nvidia’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniya maqomini qayta qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Bloomberg.
30-oktabr kuni Apple qimmatli qog‘ozlari 1,2 foizga arzonlashdi va savdolar yakunida uning kapitallashuvi 5,03 trillion dollarni tashkil etdi. Nvidia aksiyalari esa bundan ham ko‘proq — 4,2 foizga tushib ketdi va kompaniya 4,93 trillion dollarga baholandi. Bungacha Apple iyul oyi oxirida Nvidia’ni qisqa muddatga ortda qoldirgan edi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, investorlar sun’iy intellekt xarajatlari bilan bog‘liq xavotirlar sabab iPhone ishlab chiqaruvchisini xavfsizroq aktiv sifatida ko‘rmoqda. Aksiyalar narxining pasayishi Intel va Amazon’ning zaif hisobotlaridan keyin kuzatildi. Bu natijalar sun’iy intellektga qilinayotgan xarajatlarning istiqbollari haqidagi savollarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Bloombergning ta’kidlashicha, Apple bunday sarmoyalardan asosan voz kechgan.
Agentlikning qayd etishicha, Alphabet va Amazon’ning erkin pul oqimi sun’iy intellekt xarajatlari tufayli manfiy ko‘rsatkichga o‘tgan. Kompaniyalar qarz bozoridan tobora ko‘proq mablag‘ jalb qilmoqda, o‘sib borayotgan foiz stavkalari esa kreditlarni qimmatlashtirmoqda.
Nasdaq 100 indeksi oktabr oyida 6,7 foiz yo‘qotdi. Bu uning uchun 2025-yil mart oyidan beri eng yomon oy bo‘ldi. Sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlarini sotuvchi CoreWeave va Nebius Group aksiyalari bir oy ichida 30 foizdan ko‘proqqa arzonlashdi. Intel oktabr oyida 45 foizdan ortiq qiymatini yo‘qotdi.
Texnologiyalar bozoridagi investorlarning xavotiri sun’iy intellekt infratuzilmasiga yo‘naltirilgan ulkan investitsiya va xarajatlar hozircha korporatsiyalar daromadlarining o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmayotgani bilan bog‘liq.

