Texnologiya

Apple Music Battersida kontsert zalini ochadi

Texnologiya giganti oʻzining kontsert zalini qurdi, biroq kichik sahnalar bilan raqobatlashmasligini aytmoqda.

Apple Music Battersi hududida kontsert zalini ochishga tayyorlanmoqda

Zal sobiq elektr stantsiyasining shimoliy tomonida, Temza daryosiga qaragan manzarali joyda joylashadi

AQShning Apple texnologik kompaniyasi Londonda, Battersi elektr stantsiyasidagi (Battersea Power Station) oʻzining Yevropa bosh qarorgohi ostida joylashgan yangi, eng zamonaviy kontsert zalini ochishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

600 kishiga moʻljallangan ushbu makonda taniqli ijrochilar va yangidan tanilayotgan guruhlarning bir martalik chiqishlari tashkil etiladi, har bir shou tasvirga olinib, onlayn tarzda jonli efirga uzatiladi.

Apple Music vitse-prezidenti Oliver Shusser BBC News telekanaliga bergan intervyusida yaqin haftalarda ochilishi kutilayotgan ushbu maskanda "dunyoning istalgan nuqtasidagi xuddi shunday hajmdagi har qanday zaldan koʻra koʻproq kamera va karnaylar" borligini aytdi.

Ushbu ochilish Londonning jonli musiqa sektori jiddiy inqirozni boshdan kechirayotgan, birgina oʻtgan yilning oʻzida poytaxtda 45 ta musiqa zali yopilgan bir paytga toʻgʻri keldi.

Bu butun mamlakat boʻylab kuzatilayotgan umumiy tendentsiyani aks ettiradi: 2020 yildan 2025 yilgacha boʻlgan davrda, yashash xarajatlari ortishi va odamlarning pandemiyadan keyingi turmush tarzi oʻzgarishi natijasida Buyuk Britaniyada 400 ga yaqin klub yopildi.

Londondagi yopilish koʻrsatkichi mamlakatning qolgan qismiga qaraganda yuqoriroq, demak, yaxshi moliyalashtirilgan texnologik kompaniyaning kirib kelishi mustaqil zallar operatorlarini xavotirga solishi mumkin.

Biroq, Shusser yangi loyiha mijozlarni tortib olishni maqsad qilmaganini taʼkidladi.

"Biz jonli kontsertlar biznesiga kirmoqchi emasmiz. Biz hech kim bilan raqobatlashmoqchi emasmiz.

Biz bu maskanni oddiy kontsert zali kabi chiptalar va boshqa xizmatlar bilan boshqaramiz, ammo biz uchun yagona maqsad — sanʼatkorlar bilan ajoyib ishlarni amalga oshirish, ularni muxlislar bilan bogʻlash va ushbu kontentni Apple Music platformasida namoyish etishdir.

Bizning boshqa birovning yoʻliga toʻgʻanoq boʻlish niyatimiz umuman yoʻq va bu makonning kichikroq qilib qurilganining asosiy sabablaridan biri ham shundadir".

Zal sanʼatkorlar sahnani keng koʻlamli telekoʻrsatuvlardan tortib, kichik doiradagi akustik chiqishlargacha moslashtira olishlari uchun qurilgan

Sanʼatkorlar sahnaga avvalgi Apple Music kontsertlaridan olingan fotosuratlar yonidan oʻtib kirishadi

Apple Music Hall deb nomlangan ushbu maskan kompaniyaning bundan toʻqqiz yil avval mashhur iTunes Festival loyihasini tugatganidan keyin Londonga qaytishini anglatadi. Oʻshanda Koko va The Roundhouse kabi zallarda bepul oʻtkazilgan kontsertlarda Ledi Gaga, Elton Jon, Britni Spirs va Adel kabi yulduzlar ishtirok etgan edi.

Madaniyat vaziri Liza Nendi bu qadamni olqishlab, uni "Buyuk Britaniyaning global ijodiy markaz sifatidagi mavqeiga boʻlgan ulkan ishonch" va "ijodiy sohalarimiz aslida qanchalik kuchli ekanligining belgisi" deb atadi.

Ochilish marosimida kim chiqish qilishi haqidagi maʼlumotlar tez orada eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Bu sobiq elektr stantsiyasining Art Deko uslubini aks ettiruvchi, naqshinkor ravoqlar va gʻishtli devorlarga ega ixcham, shinam maskandir. Ammo aks-sado muammo tugʻdirmasligi kerak — hatto gʻishtlar ham aks etgan tovushni yutish uchun maxsus tanlangan.

Sahnaning uzunligi 38 fut (taxminan 11,5 metr) boʻlib, uni ham "aylana shaklida", ham anʼanaviy roʻparaga qaragan chiqishlar uchun moslashtirish mumkin, kiyinish xonalarida esa dush va maxsus liboslar saqlash joylari mavjud.

Binoda, shuningdek, Apple Music radiostantsiyalari uchun yangi studiyalar ham joylashgan boʻlib, ular Kings-Krossdagi hozirgi bazasidan shu yerga koʻchib oʻtadi. Bundan tashqari, dijeylik mikslari, qoʻshiq yozish lagerlari va guruhlar repetitsiyalari uchun maxsus xonalar ajratilgan.

Butun bino video va audio uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, bu sanʼatkorlarga bir kunning oʻzida kelib, podkast yozish, radioshouda chiqish qilish va kontsertni jonli efirda uzatish imkonini beradi.

Apple eksklyuziv kontent yaratish orqali oʻz xizmatini Spotify va Amazon Music kabi raqobatchilaridan ajratib turishiga umid qilmoqda.

Bu qadam afsonaviy musiqa prodyuseri Jimmi Ayovinning musiqa striming xizmatlari "eskirish arafasida turibdi", chunki ular tinglovchi va musiqa oʻrtasida aloqa oʻrnata olmayapti, degan fikrlaridan soʻng amalga oshirildi.

"Bu bir oʻlchamli narsa. Bu xuddi bankomatga oʻxshaydi", — dedi Bryus Springstindan tortib Tupak Shakurgacha boʻlgan sanʼatkorlar bilan ishlagan Ayovin shu yilning fevral oyida bergan intervyusida.

"Sanʼatkorlar oʻz muxlislari bilan muloqot qilishni xohlashadi, tamom. Ularning istagi shu.

Bu xayriya maqsadlarida emas, balki TikTok va Instagram aynan shu ishni qilayotgani uchundir".

Kiyinish va dam olish xonalari Battersi elektr stantsiyasining estetikasiga mos ravishda loyihalashtirilgan

Apple kompaniyasida 21 yildan beri, jumladan, 2014–2018 yillarda Ayovin ijodiy maslahatchi boʻlib ishlagan davrda ham faoliyat yuritgan Shusser bu fikrga qoʻshildi.

"Biz musiqa xizmatlarimiz shunchaki internetdagi nomaʼlum bir joy boʻlib, tugmani bosganingizda musiqa yangraydigan makon boʻlib qolishini istamaymiz.

Koʻpgina sanʼatkorlar uchun striming biroz zerikarli. U yerda ular qiladigan ish yoʻq. Musiqa leybllar tomonidan yetkazib beriladi, keyin esa u shunchaki pleylistlar toʻplamiga aylanadi.

Ammo [muxlislar] sanʼatkorlar bilan uchrashish, ular haqida koʻproq bilish, albomni nega aynan shunday tarzda yaratganliklarini tushunish imkoniyatiga ega boʻlishni xohlashadi".

Shusserning qoʻshimcha qilishicha, Apple tinglash odatlari bir joyda qotib qolgan bir paytda, muvaffaqiyatga erishishi qiyin boʻlgan yangi va istiqbolli guruhlarni qoʻllab-quvvatlashga ham umid qilmoqda.

"Bu hozirgi kunda musiqa biznesidagi eng katta imkoniyatlardan va ayni paytda qiyinchiliklardan biridir.

Oʻzlarining [eski] kataloglariga tayanadigan sanʼatkorlar juda koʻp. Eski musiqalar katalogi ajoyib, ammo biz bundan 10, 20 yil keyin yangi davrning musiqa katalogi mavjud boʻlishini taʼminlashimiz kerak".

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.