Apple bitta raqamdan ikkita iPhone’da foydalanish imkoniyatini beradi
Ammo bu imkoniyatning mavjudligi mobil aloqa operatoriga bogʻliq boʻladi.

Apple bitta raqamdan ikkita iPhone’da foydalanish imkonini beradi
Apple ikkita iPhone’da bitta eSIM’dan foydalanishga ruxsat beradi — bu imkoniyat iOS 27 tizimida iPhone Handoff funksiyasi orqali paydo bo‘ladi. Bu haqda ilk bor WWDC 2026 anjumanida aytilgan, ammo kompaniya o‘shanda tafsilotlarni oshkor qilmagan edi.
Endi esa MacRumors nashri qo‘shimcha ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Nashrga ko‘ra, funksiya yoqilganda asosiy iPhone o‘zidagi SIM-kartani saqlab qoladi, ikkinchi qurilmaga esa uning alohida nusxasi biriktiriladi. Bu esa bitta raqamni saqlagan holda qurilmalar o‘rtasida tez almashish imkonini beradi.
Aloqa sozlamalari asosiy qurilmada qoladi, geolokatsiya esa ayni paytda raqamdan foydalanayotgan iPhone orqali aniqlanadi. Funksiyani «Sozlamalar» → «Uyali aloqa» menyusi orqali yoqish mumkin bo‘ladi.
Biroq iPhone Handoff ishlashi uchun mobil aloqa operatorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uni birinchi bo‘lib T‑Mobile (AQSH) va Germaniyadagi Deutsche Telekom mijozlari faollashtira oladi.
iOS 27 taqdimoti oy oxirida kutilmoqda, kelasi hafta esa Apple iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max va buklanadigan iPhone Ultra’ni taqdim etadi.

