Antrophic yashirincha biologik laboratoriya tashkil etdi

Anthropic yashirincha biologik laboratoriya tashkil etdi
Sun’iy intellekt tizimlarini yaratish ustida ishlayotgan Anthropic kompaniyasi AQSHning San Fransisko shahrida o‘z biologik laboratoriyasini yo‘lga qo‘ydi. Kompaniya tibbiyot va dori-darmon yo‘nalishidagi ishlanmalarini rivojlantirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Anthropic hayot haqidagi fanlar bo‘limi rahbari Erik Kauderer-Abrams kompaniyaning o‘z laboratoriyasi borligini tasdiqladi. Uning aytishicha, biologiyada yakuniy sinov baribir haqiqiy laboratoriya ishlarida o‘tkaziladi.
Kompaniya ushbu tajribaxonani kam uchraydigan va davosi qiyin bo‘lgan kasalliklarga qarshi dori topish maqsadida ishga tushirgan. Startap farmatsevtika sanoati e’tibordan chetda qoldirgan yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi va yangi preparatlar yaratish jarayonini tezlashtirishni istaydi.
Anthropic o‘zining Claude sun’iy intellektiga robotlashtirilgan uskunalarni boshqarishni o‘rgatmoqda. Bu tajribalarni inson aralashuvisiz o‘tkazishga yordam beradi. Biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan inson nazorati saqlanib qoladi.
Laboratoriya tashkil etilishi kompaniya ichida xavotirlar bildirilayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Ayrim tadqiqotchilar SI insoniyatni yo‘q qilishi yoki undan biologik qurol yaratishda foydalanilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Anthropic yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan raqobatlashmasligini ma’lum qildi. Kompaniya hozircha klinik sinovlar o‘tkazmaydi va faqat dastlabki bosqichdagi ilmiy izlanishlarga e’tibor qaratadi. Startap dori vositalarini ishlab chiqish uchun Coefficient Bio startapini aksiyalarga sotib olgan hamda yangi mutaxassislarni ishga qabul qilmoqda.

