Anthropic tushumi fond bozoriga chiqish oldidan 16,8 mlrd dollarga yetdi
Bu sunʼiy intellekt gigantining yil oxirigacha fond bozorida shov-shuvli debyut qilishi kutilayotgan bir paytda yuz bermoqda.

Anthropic tushumi fond bozoriga chiqish oldidan 16,8 milliard dollarga yetdi
Sunʼiy intellekt (SI) giganti Anthropic tushumi sentyabr oyi oxirigacha boʻlgan uch oy ichida 45 foizga oshib, 16,8 milliard dollarga (12,7 milliard funt sterling) yetdi, deb xabar beradi BBC.
Raqamlar Claude ishlab chiquvchisi tomonidan chorshanba kuni San-Frantsiskodagi qarorgohida boʻlajak investorlar uchun oʻtkazilgan brifingda oshkor qilingani aytilmoqda. Kompaniya yil oxirigacha amalga oshirilishi kutilayotgan yirik aktsiyalar sotuviga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Bu holat SI infratuzilmasiga sarflanayotgan katta mablagʻlar boʻyicha xavotirlar fonida ayrim texnologik aktsiyalar, jumladan, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini quvvatlantiruvchi chiplar va boshqa apparat vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bosimga uchragan bir paytda yuz bermoqda.
Anthropic tushumi joriy yilda ketma-ket choraklarda oʻsib, birinchi uch oydagi 4,7 milliard dollardan keyingi davrda 11,6 milliard dollargacha koʻtarildi.
Uning tushum koʻrsatkichlari, raqobatchisi OpenAI raqamlari bilan bir qatorda, SI sanoatining oʻsishi va ushbu texnologiyani rivojlantirish uchun zarur boʻlgan infratuzilmani moliyalashtirish qobiliyatining muhim oʻlchovi boʻlib xizmat qiladi.
ChatGPT ishlab chiquvchisi ham fond bozorida yirik listingga chiqishni rejalashtirmoqda, bu kompaniya qiymatini 1 trillion dollardan ortiqroqqa baholashi kutilmoqda.
Biroq, OpenAI bosh ijrochi direktori Sem Altman sentyabr oyida uning kompaniyasi texnologiya xavfsizligi boʻyicha xavotirlarni hal qilayotgani sababli joriy yilda ommaviy bozorga chiqmasligini aytdi.

