Anthropic oʻz aktsiyalarining 5 foizini «jamoat manfaati jamgʻarmasi»ga ajratishini maʼlum qildi
Ushbu eʼlon Anthropic yirik aktsiyalar bozoriga chiqish (listing) uchun zamin yaratayotgan bir paytda berildi.

Anthropic kompaniyasi oʻz aktsiyalarining 5 foidini «jamoat manfaatlari jamgʻarmasi»ga ajratishini maʼlum qildi
Sun’iy intellekt (AI) giganti boʻlmish Anthropic kompaniyasi oʻz aktsiyalarining 5 foidini «jamoat farovonligi» uchun xayriya qiluvchi jamgʻarmaga ajratishini aytdi.
Bu eʼlon Anthropic kompaniyasi oʻzini 1 trillion dollardan (750 milliard funt sterling) ortiqroqqa baholashi mumkin boʻlgan yirik fond bozori listingiga tayyorgarlik koʻrayotgan bir paytda paydo boʻldi.
Soʻnggi paytlarda AI sanoati xavfsizlik boʻyicha xavotirlar hamda uning jamiyat va iqtisodiyotga taʼsiri yuzasidan jiddiy tekshiruvga duch kelmoqda. Xabar qilinishicha, Anthropic oʻzining dastlabki ommaviy taklifi (IPO) hujjatida AI «insoniyat uchun halokatli yoki ekzistentsial xavf-xatarlar» tugʻdirishi mumkinligini taʼkidlagan.
Anthropic kompaniyasining bildirishicha, rejalashtirilgan jamgʻarma notijorat tashkilotlarini va AI’ning ish oʻrinlari bozoriga taʼsiriga qarshi kurashish harakatlarini qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Qoʻshimcha qilinishicha, jamgʻarma egaligidagi aktsiyalarning hech biri AQShda yoki xorijda lobbizm yoki siyosiy xayriyalar uchun ishlatilmaydi.
Yakshanba kuni eʼlon qilingan bayonotda Claude ishlab chiquvchisi Anthropic Jamoat manfaatlari jamgʻarmasiga kuzatuv kengashining xohishiga koʻra firma aktsiyalarining yana 2 foidi berilishi mumkinligini aytdi.
Texnologiya milliarderi Ilon Mask ijtimoiy tarmoqlarda ushbu eʼlonga munosabat bildirib: «Men aktsiyalarni toʻgʻridan-toʻgʻri jamoatchilikka berishni tavsiya qilaman», dedi. U shuningdek: «Men aynan shunday qilaman», deb qoʻshimcha qildi.
Anthropic boʻlajak investorlarga sentyabr oyi oxirigacha boʻlgan uch oy ichida daromadi 45 foizga oshib, 16,8 milliard dollarga (12,6 milliard funt sterling) yetganini maʼlum qildi.
Boshqa AI firmalari singari, u ham texnologiyani rivojlantirish va oʻz modellarini ishga tushirish uchun zarur boʻlgan infratuzilmani yaratishga milliardlab dollar sarflayotgan boʻlsa-da, katta foyda keltirishga qodir ekanini koʻrsatishga harakat qilmoqda.
Dunyo boʻylab kompaniyalar, asosan texnologiya firmalari, AI’ga sarmoya kiritgandan soʻng minglab ish oʻrinlarini qisqartirdi va ularning koʻpchiligi buni foydalanishdagi yuqori samaradorlik bilan izohladi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) tomonidan 2024 yilda chop etilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, butun dunyo boʻylab ish oʻrinlarining deyarli 40 foiziga AI taʼsir qiladi, rivojlangan iqtisodiyotlarda esa bu koʻrsatkich 60 foizgacha koʻtariladi.

