Angorda toʻydan chiqqan erkak mast holda avtobusni olib qochdi
60 yoshli erkak toʻyxonadan mast holda chiqib, oʻsha atrofda eshigi ochiq holda turgan va kaliti ham oʻzida boʻlgan Isuzu avtobusini olib qochgan. Avtobus Angor tumani obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli boʻlgan. Uni YHX inspektorlari Muzrabot tumani hududida toʻsib toʻxtatishgan.

Angorda toʻydan chiqqan erkak mast holatda avtobusni olib qochdi
Surxondaryoda avtobusni olib qochgan shaxs jinoiy jazoga tortildi.
Sud hukmiga koʻra, 1966-yilda tugʻilgan Z.K. 2026-yil 26-iyun kuni ertalab tumanning Navbahor mahallasi hududidagi toʻyxonaga toʻyga borgan. U yerda spirtli ichimlik isteʼmol qilgan Z.K. toʻyxonadan chiqib, oʻsha atrofda eshigi ochiq holatda turgan va kaliti ham oʻzida boʻlgan Isuzu avtobusini haydab, olib qochgan.
Avtobus Angor tumani obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli boʻlgan. Uning haydovchisi ishchilarni tashib kelgan hamda avtobus eshigini ochiq qoldirgan holda oʻzi ishchilar oldiga ketgan boʻlgan.
Kalit avtobusda edi, oʻzim ishchilar oldida edim. Shu payt avtobusni begona shaxs haydab ketayotganini koʻrib qoldim. U uzoqlashib ketgani sababli toʻxtata olmadim. Darhol “102”ga xabar berdim. Shundan soʻng YHX inspektorlari avtobusni Muzrabot tumani hududida toʻsib toʻxtatishdi
Z.K. qochish jarayonida hatto transport vositasini qarama-qarshi yoʻnalishda boshqargan. U sudda aybiga iqrorlik bildirib, oʻsha kuni mastligi sababli hech narsani eslay olmaganini aytgan.
Oʻsha kuni opam qizini turmushga berdi. Shunga toʻyga kelgandim. Toʻyda alkogol mahsulotlarini isteʼmol qildim. Toʻyxonadan chiqqanimda tashqari issiq boʻlgani uchun mast boʻlib qoldim. Shundan soʻng nima boʻlganini bilmayman. Ertasi kuni oʻzimga kelganimda IIB xodimlari avtobusni olib qochganimni, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanganimni hamda inspektorlar yoʻlimni toʻsib toʻxtatishganini aytishdi. Koʻp miqdorda spirtli ichimlik ichganim sababli bu harakatlarimni eslay olmayman
Z.K. qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, suddan yengillik soʻragan.
JIB Angor tuman sudi hukmi bilan Z.K. Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Erkak sud zalidan qamoqqa olingan.

