Angliya klubi stadioni hududida erkak kishining murdasi topildi

Angliyaning “Charlton” futbol klubi stadioni hududida erkak kishining jasadi topildi. Bu haqda Standart.co.uk nashri xabar berdi.
Londonning “Charlton” klubi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Velli” stadionida erkak kishining murdasi topilgan. Hozirda ushbu hodisaning sabablari va tafsilotlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Klubning rasmiy bayonotida shunday deyiladi: “18-avgust, seshanba kuni ertalab ‘Charlton’ klubining ‘Velli’ stadionida erkak kishining murdasi topilishi ortidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot organlari xodimlari ro‘y bergan hodisadan so‘ng stadionga chaqirilgan. Afsuski, fuqaro voqea joyida vafot etgan. Klub ushbu og‘ir vaqtlarda marhumning oilasi, do‘stlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.”
Tergovchilar erkakning balandlikdan yiqilib tushgani ehtimolini o‘rganmoqda. Hozircha ushbu hodisa kutilmagan o‘lim sifatida baholanib, surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Charlton” 15-avgust, shanba kuni Angliya Chempionshipining 1-turida “Derbi Kaunti” ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Mazkur bahs aynan ushbu stadionda o‘tkazilgan. Ayni vaqtda jamoa 3 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. “Charlton” navbatdagi o‘yinini 22-avgust kuni safarda “Vest Hem”ga qarshi o‘tkazadi.

