Andropovning fitnasi yoki taqdiri azal: Brejnevning oʻlimiga Toshkentda olgan jarohatlar sabab boʻlganmi?
1982-yil 23-mart kuni Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida falokat yuz beradi. Samolyot ishlab chiqaruvchi bu zavod ishi bilan tanishish uchun u yerga borgan SSSR rahbari Leonid Brejnevning ustiga temir konstruksiya tushib ketadi. Oqibatda sovet rahbari jiddiy jarohatlanadi. Oʻsha paytda 75 yoshda boʻlgan Brejnev Toshkentdagi hodisadan 8 oy oʻtgach vafot etadi.

Andropovning fitnasi yoki taqdir hukmi: Brejnevning oʻlimiga Toshkentda olgan jarohatlar sabab boʻlganmi?
1970-1980-yillarda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi hamda sanoat tez surʼatlar bilan rivojlanadi. Choʻllar oʻzlashtiriladi, yirik sanoat korxonalari barpo etiladi.
Natijada bu Moskvada oʻtirgan masʼullarning ham diqqatini tortadi va oʻsha davrda SSSRni boshqarib turgan Leonid Brejnev Toshkentga bir necha bor tashrif buyuradi.
1982-yilda amalga oshirilgan ana shunday safarlardan biri Brejnev hayotida ogʻir iz qoldiradi va katta ehtimol bilan uning vafotiga sabab boʻladi.
1982-yil 23-mart kuni Leonid Brejnev Toshkentga keladi. Safar davomida uning bir qator joylarda, jumladan Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida boʻlishi, yakunda esa tantanali yigʻinda Oʻzbekistonga navbatdagi Lenin ordenini topshirishi rejalashtirilgandi.
Martabali mehmonni kutib olish uchun Toshkent aviatsiya birlashmasida katta tayyorgarlik koʻriladi. Hamma joy tozalanib, tartibga keltiriladi.
SSSR rahbari birlashmaga kelgach, uni Il-76 samolyotlari yigʻilayotgan katta angarga olib kirishadi. U yerda masʼullardan tashqari koʻplab ishchilar ham bor edi. Brejnevni yaqindan koʻrish uchun zavod ishchilari samolyotlar orasidagi maydonchalar, zinapoyalar va estakadalarga joylashadi.
Brejnev va Sharof Rashidov hamrohligidagi delegatsiya yigʻuv sexidan oʻtib borayotgan paytda qarsillagan ovoz eshitiladi. Odamlar ogʻirligini koʻtara olmagan katta temir konstruksiya Brejnev, Rashidov va ularning tan soqchilari ustiga qulab tushadi.
Shunda konstruksiyadagi temir Brejnevning yelkasiga uriladi va sovet rahbari yiqilib tushadi. Noxush hodisa bir lahzada sodir boʻlgani uchun qoʻriqchilar gʻaflatda qoladi va oqibatda Brejnev jarohatlanadi. Oʻshanda baxtli tasodif tufayli Rashidovga hech narsa boʻlmaydi.
«Birdan dahshatli qichqiriq va vahima koʻtarildi. Biz Bosh kotib atrofida edik. Metall va yogʻochlar toʻgʻri ustimizga quladi. Men Brejnevni oʻz tanam bilan yopishga harakat qildim, lekin ogʻir konstruksiya uning oʻng tomonini bosib qoldi. Zavod sexida chang va vahima hukmron edi. Biz Brejnevni zudlik bilan ogʻir temir va yogʻoch boʻlaklari ostidan tortib oldik. U hushida edi, lekin qattiq esankiragan va ogʻriqdan azoblanayotgandi».
Hodisadan keyin Brejnevning qoʻriqchilari uni darhol Doʻrmondagi hukumat qarorgohiga olib ketishadi.
«Brejnev Doʻrmondagi qarorgohga olib kelinganda qattiq shok holatida edi. Unga darhol kuchli ogʻriq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi ukollar qilindi. Tekshiruvda oʻng oʻmrov suyagi singani va suyaklar joyidan siljib ketgani maʼlum boʻldi.
Eng yomoni, uning umumiy sogʻligʻi oʻta zaif - yurak ahvoli va yoshi sababli operatsiya qilish imkonsiz edi. Biz faqat ogʻriqni qoldirish va singan joyni qimirlatmay ushlab turish bilan cheklanishga majbur edik. Lekin u ogʻriqdan juda aziyat chekardi».
Oʻshanda Brejnevni Moskvadagi Kreml kasalxonasiga olib ketmoqchi boʻlishganda sovet rahbari bunga rozi boʻlmaydi. U jarohatlanganiga qaramay Toshkentda yana ikki kun qoladi va rejalashtirilgan tadbirlarning qolgan qismida ham ishtirok etadi. 24-mart kuni Oʻzbekistonga Lenin ordenini topshiradi.
25-mart kuni oʻtkazilgan tadbir oxiriga borib Brejnevning ahvoli yomonlashadi va u hushini yoʻqotadi. Sovet rahbarini zudlik bilan Moskvaga olib ketishadi.
Brejnev Moskvaga qaytgan zahoti uni aeroportning oʻzidan Kreml kasalxonasiga olib borishadi va tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazishadi. Soʻng muolaja boshlanadi.
«Brejnevning oʻng oʻmrov suyagi singan va suyak parchalari surilib ketgan edi. Keksa yoshdagi va umumiy ahvoli ogʻir boʻlgan bunday bemor uchun bu xavfli jarohat hisoblanardi. Operatsiya qilish juda xavfli, chunki u narkozni koʻtara olmasligi mumkin edi».
Sovet rahbarining Toshkentda jarohatlangani va oʻlimdan qolganini SSSRda ommadan yashirishadi. Bu haqda hech qayerda xabar berilmaydi. Biroq Gʻarb matbuoti Toshkent safarida sovet rahbarining sogʻligi jiddiy yomonlashgani va u Moskvada kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqatadi.
Brejnev Moskvaga qaytgach qariyb bir oy omma koʻzidan gʻoyib boʻladi. Shu davrda u davolanadi va biroz sogʻaygach ish faoliyatini davom ettiradi. U Toshkentdagi hodisadan soʻng ilk bor 22-aprel kuni Lenin tavalludining 112-yilligi tantanalarida koʻrinish beradi.
Zamondoshlarining keyinchalik eslashicha, oʻshanda u ancha ozib ketgan holda boʻlgan. Shu chiqishidan keyin turli mish-mishlarga ishonib yurgan odamlar «Brejnev tirik ekan va u hali ham SSSRni boshqaryapti» degan xulosaga kelishadi.
1982-yil may oyidan boshlab Brejnev ishlay boshlaydi. Biroq uning sogʻligʻi va jismoniy holati yaxshi emasdi. Shu sababli u bir necha bor xorijdan kelgan turli delegatsiyalar bilan uchrashuvlarda qatnasha olmaydi. Chet davlatlarga rejalashtirilgan davlat tashriflari bekor qilinadi.
Kuzga borib Brejnevning sogʻligi biroz tiklanadi va u rasmiy tadbirlarda qatnasha boshlaydi. Brejnev soʻnggi marta ommaga 1982-yil 7-noyabr kuni oktabr inqilobining 75 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbirlarida koʻrinish beradi. Bir necha kundan soʻng u vafot etadi.
Toshkent tashrifidan keyin Brejnevning sogʻligi yomonlashar ekan, Kremlda uning oʻrniga kim oʻtirishi masalasi dolzarb masalaga aylanadi. Ana shu jarayonda KGB sobiq raisi Yuriy Andropov otni qamchilab qoladi.
1982-yil 26-may kuni toʻsatdan Andropov KGB raisi lavozimidan isteʼfoga chiqadi va KPSS markaziy qoʻmitasi kotibi lavozimini egallaydi. Bu amal aslida KGB rahbari lavozimi oldida juda kichik boʻlsa-da, mamlakat rahbarligini qoʻlga olish uchun qoʻyilgan muhim qadam edi.
1982-yil 10-noyabr kuni Brejnev vafot etadi. Bu haqda ommaga 11-noyabr kuni xabar beriladi va 15-noyabr kuni u dafn etiladi. Andropov esa Brejnevning dafn marosimi tugashini ham kutib oʻtirmaydi va 12-noyabr kuni KPSS markaziy qoʻmitasining birinchi sekretari lavozimini egallab, SSSR rahbari boʻladi.
SSSR davrida shov-shuvli hodisalar ommadan yashirilgan, ularga daxldor hujjatlar maxfiy saqlangan. 1990-1991 yillarda SSSR tarqashi arafasida va undan soʻng bir muddat arxivlar ochiladi hamda koʻplab ishlar oshkor boʻladi. Ana shunda Brejnev oʻz ajali bilan oʻlmagani va Andropov unga suiqasd qilgani haqida gap-soʻzlar oʻrtaga chiqadi.
Yoshi 75 da boʻlgan Brejnev keksalik sabab tez-tez betob boʻlardi. Ammo har doim uning sogʻligi mamlakatdagi eng yaxshi vrachlardan iborat guruh nazoratida boʻlgan. Brejnev Moskva viloyatidagi Zareche qarorgohida shubhali tarzda vafot etganda u yerda vrachlar yoʻq edi.
Qarorgoh qoʻriqchilari sovet rahbarining ahvoli ogʻirlashgani haqida xabar berishgandan soʻng ham vrachlar ancha kechikib yetib kelishadi (bu paytda u oʻlib boʻlgandi).
Aksariyat tarixchilar hamda Kremlda boʻlib oʻtgan voqea va hodisalarning tirik guvohlari 10-noyabr kuni Brejnev oʻz ajali bilan oʻlmaganini, unga Andropovning xos odamlari suiqasd uyushtirganini aytishadi.
Bunday gap-soʻzlar bekorga tarqalmagan. Gap shundaki, 1982-yil oktabr oyi oʻrtalarida Brejnev KPSS markaziy qoʻmitasi kotibi Ivan Kapitonovga noyabr oʻrtalarida isteʼfoga chiqishini va oʻrniga oʻsha paytda Ukrainaga rahbarlik qilayotgan Vladimir Sherbitskiyni tayinlashini aytadi. Oʻz navbatida Kapitonov gapni Andropovga yetkazadi. Shundan soʻng Andropov nima qilib boʻlsa-da Brejnevdan tezroq qutulish payiga tushadi.
Boshqa manbalar esa Andropov Brejnevning oldida navbatchilik qilib ketgan shifokorlarni qoʻlga olib, ularni sovet rahbaridan biroz uzoqlashtirganini, oqibatda Brejnev vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmagani tufayli vafot etganini aytadi.
Shuningdek, Brejnevning oʻlimiga Toshkentda olgan jarohati sabab boʻlgan deganlar ham bor. Biroq koʻpchilik sovet rahbarining oʻlimiga Toshkentdagi jarohat sabab boʻlganiga ishonmaydi. Chunki kuzgacha Brejnev sogʻligini biroz tiklab olgan va ancha bardamlashgandi.
Brejnevning vafoti boʻyicha berilgan rasmiy tibbiy xulosada uning oʻlimiga yurak-qon tomir tizimining ogʻir surunkali kasalliklari fonida toʻsatdan yurak urishining toʻxtashi sabab qilib koʻrsatilgan.
Umuman olganda, Brejnev oʻz ajali bilan vafot etgani haqiqatga yaqin. Chunki u hayoti davomida bir necha marta yurak xurujiga uchragan, 1976-yilda ogʻir insultni boshdan kechirgandi. Oʻshanda shifokorlar uni klinik oʻlim holatidan qaytarishgan.
Shundan soʻng Brejnev umrining oxirigacha tinchlantiruvchi va uyqu dorilarini meyoridan ortiq darajada isteʼmol qilib yurgan. Bu esa uning markaziy asab sistemasi va yurak faoliyatini yanada kuchsizlantirgan.
«Andropov Brejnevga jismoniy zarar yetkazganiga ishonmayman. Lekin u Brejnevni maʼnaviy jihatdan «oʻldirdi». Andropov uning eng yaqin doʻsti Ichki ishlar vaziri Shcholokov va qizi Galina atrofidagi mojarolarni ataylab Brejnevga yetkazardi. Har bir shunday suhbatdan soʻng Brejnevning ahvoli keskin yomonlashar, u tushkunlikka tushib qolardi. Andropov uning ruhan va jismonan soʻnayotganini juda yaxshi bilardi».
Xulosa qilib aytganda, Brejnevning sogʻligʻida yetarlicha muammolar boʻlgan. Toshkentdagi jarohatlar va Andropovning hokimiyatni qoʻlga olishga intilishi ana shu muammolarni kuchaytirgan va sovet rahbarining vafot etishiga qisman sabab boʻlgan.

