Andijonning Bobur shohko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi (foto)

Andijonning Bobur shohko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi (foto)
Andijon shahri Bobur shohko‘chasida qurilgan yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi. Uning umumiy uzunligi 1196 metrni, balandligi esa 5—12 metrni tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu yo‘l o‘tkazgich jamoat transportida yo‘lovchi tashish vaqtini 25 foizgacha qisqartirishga xizmat qiladi. Shu orqali yoqilg‘i-moylash mahsulotlaridan 292 tonna tejaladi. Atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar esa yiliga 4 tonnaga kamayadi. Yo‘l o‘tkazgichdan transport oqimi sutkasiga 8 mingdan 22 mingtaga yetadi.
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifi chog‘ida Andijon viloyatida 2027-yilda yana uchta yirik yo‘l o‘tkazgich qurilishi haqida ma’lum qilgandi.
Ular Milliy tiklanish va Navoiy ko‘chalari, O‘zbekiston va Bobur ko‘chalari, shuningdek, Amir Temur ko‘chasi va Yangi aylanma avtomobil yo‘li kesishmalarida barpo etiladi. Bundan tashqari, Asaka tumani markazini aylanib o‘tuvchi ko‘prik ham foydalanishga topshiriladi.

