Mahalliy

Andijonda suyultirilgan gaz ballonlari 220 ming so‘mdan yetkazilmoqda. “Hududgazta’minot” holatga izoh berdi

Andijonda suyultirilgan gaz ballonlari 220 ming so‘mdan yetkazilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan “Hududgazta’minot” izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Andijon viloyatida suyultirilgan gaz ballonlari faqat Ijtimoiy reyestrda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga berilayotgani va ularning narxi 220 ming so‘mga ko‘tarilgani aytilgan. Videolardan birida o‘zini Shahrixon tumani “Qumariq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Botirjon Ahmadjonov deb tanishtirgan shaxs viloyatdan kelgan mas’ullar gaz ballonlarini faqat Ijtimoiy reyestrdagilarga berayotganini ta’kidlagan. Unda nogiron farzandi borligini aytgan ayolga reyestrda yo‘qligi sababli gaz balloni berilmagani aks etgan.

“Daryo”ning “Hududgazta’minot” AJga yuborgan so‘roviga ko‘ra, tashkilot matbuot xizmati gaz ballonlarini faqat Ijtimoiy reyestrdagilarga berish haqida hech qanday ko‘rsatma yo‘qligini ma’lum qildi. “Hududgazta’minot” AJ aholiga suyultirilgan gazni belgilangan tartib va tasdiqlangan grafik asosida yetkazib bermoqda. Suyultirilgan gaz yetkazib berish faqat Ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar bilan cheklanmaydi. Rasmiy izohda aholining qo‘shimcha ehtiyoji bo‘lgan taqdirda, uni xususiy tadbirkorlik subyektlaridan xarid qilish imkoniyati ham mavjudligi qayd etilgan.

Andijon viloyatining boshqa bir manzilidan olingan videoda mas’ul shaxs fuqarolarga gaz ballonlarini xususiy tadbirkorlar tomonidan yetkazib berish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tijorat balloni bo‘lib, davlatning ballonini kam ta’minlangan va kam daromadli odamlar oladi. Endilikda 220 ming so‘mga tijorat balloniga o‘tilishi va gaz ballonlari uylarga yetkazib berilishi aytilgan.

“Hududgazta’minot” gaz ballonlarini tadbirkorlar tomonidan aholiga yetkazish va uning narxini 220 ming so‘m etib belgilashda hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirdi. Qo‘shimcha suyultirilgan gazni xususiy tadbirkorlik subyektlari orqali xarid qilishda gaz ballonini to‘ldirish va yetkazib berish qiymati xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilanadi. Narx xususiy tadbirkorlik subyektining xizmat ko‘rsatish shartlari va belgilangan narx siyosatiga ko‘ra aniqlanadi.

Iyul oyida prezident tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va buni Andijon viloyatidan boshlash ma’lum qilingan edi. Gaz ballonlarini tadbirkorlar tomonidan yetkazib berishning texnik shartlari belgilanganmi, narxi qanday shakllanadi va uni kim nazorat qilishi bo‘yicha savollar ochiq qolmoqda.

Hozirda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan aholiga suyultirilgan gazning bir litri 2 ming so‘mdan, bitta gaz balloni o‘rtacha 40 ming so‘mdan yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.