Mahalliy

Andijonda profilaktika inspektori shaxsiy adovat ortidan fuqaroning uyini yoqib yubordi

Holat Izboskan tumanida sodir boʻlgan. Oltinkoʻl tumani IIB profilaktika inspektori boʻlib ishlagan erkak spirtli ichimlik ichgan holda yarim tunda adovati boʻlgan shaxsning uyiga borgan. U avvaliga xonadon derazasini sindirgan. Soʻngra qogʻoz yoqib, ichkariga uloqtirgan va voqea joyidan yashiringan.

Andijonda profilaktika inspektori shaxsiy adovat sabab fuqaroning uyini yoqib yubordi

Andijonda shaxsiy adovati tufayli birovning uyini yoqib yuborgan erkak jinoiy jazoga tortildi. U IIB xodimi bo‘lgan.

Sud hukmiga ko‘ra, 24 yoshli S.Gʻ. 2026-yil 20-aprelga qadar Oltinko‘l tumanidagi Ganjiravon mahallasida profilaktika inspektori sifatida ishlagan. U 17-aprel kuni yarim tunda Izboskan tumani Toshkechik mahallasiga borib, o‘zaro shaxsiy adovati bo‘lgan shaxsning uyini yoqib yuborgan.

S.Gʻ. xonadonda hech kim yo‘qligidan foydalanib, avval uy derazasini sindirgan. So‘ng qo‘lidagi qog‘ozni yoqib, deraza orqali uy ichiga uloqtirgan va voqea joyidan yashiringan. Natijada xonadonda yong‘in kelib chiqqan va 170 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

S.Gʻ. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va adovati bo‘lgan shaxs sobiq sevgilisining turmush o‘rtog‘i ekanini aytgan.

“2022-2024 yillarda S.N. bilan gaplashib yurdim. U qiz boshqaga turmushga chiqib ketgach, aloqalarni uzdim. 2025-yil kuz oylarida onam bilan shifoxonaga ketayotgan vaqtimda Damas mashinasi haydovchisi, keyinchalik bilishimcha J. mening yo‘limni qisib o‘tib ketdi. Unga ehtiyot bo‘lib yurishni aytdim. U menga qarab so‘kindi va onamni haqorat qildi. Onam kasalligi sababli shu vaqtda tortishib o‘tirmasdan ketdim.

Keyinchalik u bolani surishtirdim va J. sobiq sevgilimning turmush o‘rtog‘i ekanini bildim. Shundan so‘ng unga nisbatan adovat yuzaga keldi. Qishlog‘iga borib, uyi va qayerda yashashini, nima ish qilishini surishtirdim.

2026-yil 16-aprel kuni kechasi spirtli ichimlik isteʼmol qildim. J. onamdan kelib so‘kkani esimga tushib ketdi. Mashinamning davlat raqam belgisini yechib olib, J.ning qishlog‘iga bordim.

Yashash xonadonini ko‘zdan kechirdim. Uyda hech kim yo‘qligini bilib, derazani tosh bilan urib sindirdim. O‘zim bilan olib kelgan qog‘ozni yoqib, singan derazadan ichkariga tashlab yubordim”, degan S.Gʻ. o‘z ko‘rsatmasida.

Sobiq xodim J.ni o‘ldirishga qasd qilmaganini, uyda hech kim yo‘qligini bilgach, bu ishni qilganini bildirgan hamda suddan yengillik so‘ragan.

JIB Izboskan tuman sudining hukmi bilan S.Gʻ. Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topildi. Unga 2,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, S.Gʻ.dan jabrlanuvchi foydasiga 170 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.