Andijonda meva-sabzavotni qayta ishlashga 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

Andijonda meva-sabzavotni qayta ishlashga 100 mlrd so‘m ajratiladi
Prezident Andijon viloyatida o‘tayotgan yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik yo‘nalishlarida yirik komplekslarni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi.
Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar yer kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkonini beradi. Dala chetidagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Yil oxirigacha ana shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, shuningdek, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Baliqchida ishga tushirilgan 20 mln dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Ulug‘nordagi 1,2 ming gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga jalb etish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
Alohida “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, bahorgacha 4-5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarishlanib, aholiga tayyor holatda taklif qilinadi.
Bu maqsadlar uchun 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish uchun esa 200 mlrd so‘m ajratiladi.
Viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning hozircha 16 foizi qayta ishlanayotgani qayd etildi. Kichik uskunalarni aholiga lizingga berish va tuman brendlarini yaratish orqali bu ko‘rsatkichni 30 foizga, eksportni esa 500 mln dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.
Meva-sabzavotchilikda “gektardan — maksimal qiymat” tamoyiliga o‘tiladi. Kichik qayta ishlash uskunalarini lizingga berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchida 5 gektarda tashkil etilgan issiqxona loyihasi respublika bo‘ylab ommalashtiriladi. Buning uchun 300 mlrd so‘m, jumladan, Andijonga 50 mlrd so‘m ajratiladi.

