Mahalliy

Andijonda bog‘cha litsenziyasi uchun 10 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi

Andijonda bog‘cha ochish uchun litsenziya olib berishni va’da qilib, 10 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 1984-yilda Andijon tumanida tug‘ilgan fuqaro Baliqchi tumanida yashovchi 1974-yilda tug‘ilgan fuqaroga xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etishda yordam berishini aytgan. U yuqori lavozimdagi tanishlari orqali litsenziya va boshqa kerakli ruxsatnomalarni olib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga u fuqarodan 10 ming dollar so‘ragan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi Andijon shahrining Mustaqillik mahallasida kelishilgan pulning 5 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda hibsga olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda sobiq bank rahbari fuqarodan 20 ming dollar olayotganda qo‘lga olingan edi. U fuqaroga viloyat nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi balansidagi, Norin tumanida joylashgan yer maydonini sotishni taklif qilgan. Shuningdek, Farg‘onada Kadastrlar palatasi tuman filiali rahbari pora bilan ushlangan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.