Mahalliy

Andijonda 70 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda

Andijonda 70 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda

Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foizga, sanoat 9,2 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, investitsiyalar esa 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.

“Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim”, dedi davlat rahbari.

Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika byudjetidan 20 trln so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trln so‘m yo‘naltirilgan. Faqat joriy yilning o‘zida aholi farovonligini oshirishga 6 trln so‘m ajratildi.

Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi kerakligi qayd etildi.

Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga ularning sifati, tarkibi va iqtisodiyotga ta’siri ham alohida e’tiborga olindi.

Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 mlrd dollar investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan 3,5 mlrd dollar investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.

Axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli darajada yo‘naltirilmayotgani aytildi.

Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb etish zarurligini ta’kidladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.