Andijonda 30 ta ma’muriy bino biznes uchun bo‘shatiladi

Andijonda 30 ta ma’muriy bino biznes ehtiyojlari uchun bo‘shatiladi
Prezident raisligida Andijon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda aholi daromadlari oshib borayotgani bilan birga, zamonaviy xizmatlarga talab ham ortayotgani ta’kidlandi.
Andijondagi davlat tashkilotlarini Bobur shahriga ko‘chirish evaziga bo‘shaydigan bino va maydonlar savdo hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
30 ta ma’muriy binoni ko‘chirish hisobiga biznes uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr maydon bo‘shaydi. Shu orqali qo‘shimcha 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va kamida 20 ming ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud.
Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa markazlari hamda Xonobod shahrini yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Ularning bosh rejalari savdo va xizmatlar sohasida kamida 20 ming ish o‘rni yaratadigan loyihalarga moslashtiriladi.
Davlat banklarini mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi.
Yil boshidan garov yoki kafil topa olmagan 35 ming kishiga kredit berilmagan. Banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga tayangan kompleks moliyaviy mahsulotlar keng joriy etiladi.
Kichik tadbirkorlarning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan tuzgan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi.
500 mln so‘mgacha bo‘lgan loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab qilinmaydi. Kredit garovga emas, pul oqimiga qarab ajratiladi. Eksportbop mahsulot uchun xomashyo xarid qilish kreditlarida esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.
To‘qqizta davlat bankiga bir oy ichida biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi yuklatildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.

