Andijon viloyati aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 93 foizga yetdi

Andijon viloyati aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 93 foizga yetdi
Andijon viloyatida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilash borasida faol ishlar davom ettirilmoqda. Soʻnggi yillarda ushbu sohaga 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi, buning natijasida aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 93 foizga yetdi. Bugungi kunda bu Toshkentdan keyin mamlakatdagi ikkinchi koʻrsatkichdir.
Infratuzilmani yanada mustahkamlash va bir million aholining suv taʼminotini yaxshilash maqsadida keyingi yildan boshlab Xonabod – Andijon magistral suv quvurining ikkinchi tarmogʻini qurish boshlanadi.
Shu bilan birga, oqova suv tizimini yangilash ishlari ham davom ettirilmoqda. Andijon shahrining oʻzida hozirda 9 kilometrlik kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruktsiya qilinmoqda, qolgan 15 kilometrni modernizatsiya qilish uchun esa zarur mablagʻlar ajratilishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, aholining jadal oʻsishi munosabati bilan Oltinkoʻl tumanidagi oqova suv tozalash inshootlari quvvatini ikki barobarga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Mutasaddi idoralarga ushbu loyihani amalga oshirishga keyingi yildan boshlab kirishish topshirildi.

