Dunyo

Amerika yelkasidan

Tojikiston chegara nazorati uchun AQShdan oltita uchuvchisiz aviatsiya tizimini oldi

Amerika koʻmagi bilan

Amerika Qoʻshma Shtatlari Tojikiston Milliy gvardiyasiga respublika chegaralari xavfsizligini taʼminlash uchun umumiy qiymati 2,3 million dollarlik oltita uchuvchisiz aviatsiya tizimini (UAT) topshirdi.

UATni topshirish marosimida AQShning Tojikistondagi Muvaqqat ishlar vakili Joel Ortes va Milliy gvardiya qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari general-mayor Bahriddin Azamatzoda ishtirok etdi.

Amerika elchixonasi uchuvchisiz tizimlar Tojikiston Milliy gvardiyasiga aksilterror operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida uzluksiz monitoring olib borish imkoniyatini berishini taʼkidladi.

«Ushbu uskuna shunchaki resurslarni topshirishdan koʻra koʻproq narsani anglatadi. U koʻp yillar davomida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni ifodalab kelgan ishonch, sheriklik va umumiy maqsadlarni aks ettiradi», — dedi marosimda Ortes.

Xabarda, shuningdek, Amerika ishbilarmonlar hamjamiyati UATdan foydalanishda koʻmaklashish va ularning samaradorligini oshirish uchun Tojikistonga mahsulot va xizmatlar yetkazib berishga tayyorligi aytiladi.

Diplomatik missiya maʼlumotlariga koʻra, 1992 yildan buyon AQSh Tojikistonga xavfsizlik sohasida 600 million dollardan ortiq yordam koʻrsatgan. Ikki davlatning ushbu sohadagi hamkorligi harbiy xizmatchilarni tayyorlash, uskunalar yetkazib berish va infratuzilma loyihalarini oʻz ichiga oladi. Xususan, avvalroq Amerika tomoni Tojikiston chegara qoʻshinlari va Mudofaa vazirligiga 400 ga yaqin yuqori oʻtuvchanlikka ega avtomobillarni, jumladan, maxsus Jeep J8 avtomobillarini, shuningdek, ularga uzoq muddatli xizmat koʻrsatish uchun mobil ustaxonalar va ehtiyot qismlar toʻplamlarini, yadroviy va radioaktiv materiallarning noqonuniy trafigini aniqlash uskunalari bilan jihozlangan maxsus mashinalarni, shuningdek, bronejiletlar, togʻli hududlarda operatsiyalar oʻtkazish uchun anjomlar va boshqalarni topshirgan edi. AQSh, shuningdek, kuch tuzilmalari uchun obʼyektlar qurilishini moliyalashtirdi, Tojikiston-Afgʻoniston chegarasida oʻndan ortiq chegara zastavasini qurdi yoki taʼmirladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.