Amaldagi kassa operatsiyalari islomiy bank faoliyatiga moslashtiriladi
Ana’naviy bank amaliyotida daromad ko‘pincha foiz shaklida ifodalansa, islomiy moliyada foyda, ustama yoki boshqa shakldagi

Amaldagi kassa operatsiyalari islomiy bank faoliyatiga moslashtiriladi
Banklarda kassa va inkassatsiya jarayonlari takomillashtirildi.
Markaziy bank boshqaruvining «Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qarori Adliya vazirligida 2026-yil 9-oktyabrda 3028-11-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
O‘zgartirishlar, birinchi navbatda, amaldagi kassa qoidalarini O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonunchilikka uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
An’anaviy bank amaliyotida daromad ko‘pincha foiz ko‘rinishida ifodalansa, islomiy moliyada foyda, ustama yoki boshqa shakldagi daromadlar qo‘llanilishi mumkin. Shu bois yo‘riqnomadagi ayrim normalar kengaytirilib, «hisoblangan foizlar» bilan birga «boshqa daromadlar» tushunchasi ham kiritildi. Shuningdek, «omonatlar va ularga hisoblangan foizlar» iborasi umumiyroq mazmundagi «mablag‘lar» tushunchasi bilan almashtirildi.
Bu kassa operatsiyalariga oid talablarni an’anaviy bank xizmatlari bilan bir qatorda islomiy moliyalashtirish amaliyotlariga ham tatbiq etish imkonini beradi.
Hujjat bilan naqd pul va boshqa qimmatliklarni tashish tartibi ham aniqlashtirildi.
- tijorat banklari va ularning filiallari o‘rtasida naqd xorijiy valyuta hamda boshqa qimmatliklarni hududlararo tashish Markaziy bank farmoyishi asosida amalga oshiriladi;
- hudud doirasidagi tashishlar inkassatsiya xizmatlarining tegishli tarkibiy bo‘linmalari farmoyishlari asosida tashkil etiladi.
Bunda, Markaziy bankning naqd pul va boshqa qimmatliklarni tashishga doir farmoyishlari «Elektron farmoyishlar» dasturida avtomatik shakllantirilib, jo‘natuvchi va qabul qiluvchi bank bo‘linmalariga elektron ko‘rinishda yuboriladi.
Shuningdek, inkassatsiya xizmatini belgilangan talablar asosida tashkil etgan tijorat banklariga o‘z bo‘linmalari o‘rtasida naqd pul va boshqa qimmatliklarni mustaqil tashish imkoniyati beriladi.
Shu bilan birga, naqd pul va boshqa qimmatliklarni hududlararo tashishda transport vositalarini kuzatib borish Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Mazkur o‘zgarishlar asosan banklarning ichki kassa amaliyotlari va inkassatsiya jarayonlarini tartibga soladi. Ular kassa operatsiyalarini islomiy bank faoliyatining o‘ziga xos jihatlariga moslashtirish, naqd pul va qimmatliklarni tashish vakolatlarini aniq belgilash hamda tegishli farmoyishlar almashinuvini elektron shaklga o‘tkazishga xizmat qiladi.

