Alyaskada kit qayiqni cho‘ktirib yubordi

Alyaskada kit qayiqni cho‘ktirib yubordi
Alyaskadagi Glacier Bay milliy bog‘ida sayohat qilayotgan bir oilaning safari kutilmagan hodisa bilan yakunlandi. Ularning 7,6 metrlik yelkanli qayig‘i tunda bukri kit bilan to‘qnashib, cho‘kib ketdi. Bu haqda People nashri ma’lum qildi.
Tanya Luis, uning turmush o‘rtog‘i Erik va 23 yoshli farzandi Lu 29-iyul kuni o‘z kemalarida sayohatda edilar. Kechki soat 23:30 atrofida uyg‘oq bo‘lgan Lu qattiq zarba ovozini eshitib, ota-onasini uyg‘otdi. Kema ichiga suv tezlik bilan kira boshladi. To‘qnashuvdan so‘ng qayiq atigi uch daqiqa ichida suv ostiga g‘arq bo‘ldi. Oila qutqaruv nimchalarini olishga ham ulgurmasdan, rezina qayiqda qirg‘oqqa yetib oldi.
Yarim tunda qirg‘oqqa chiqqan oila o‘tin yig‘ib, kitob varaqlaridan foydalanib gulxan yoqdi. Tanya o‘zi bilan bo‘lgan ratsiya orqali favqulodda xizmatlar bilan bog‘lanishga urindi. Soat 3:00 atrofida hududdan o‘tayotgan National Geographic Quest kruiz kemasi kapitani sun’iy yo‘ldosh telefoni orqali reynjerlarga ularning joylashuvini xabar qildi. Ertalab soat 6:30 da bog‘ xizmati xodimlari oilani qutqarib oldi.
Keyinchalik qayiq suvdan chiqarilganda, uning korpusida odam sig‘adigan ulkan teshik va kitga tegishli qora teri bo‘laklari topildi. Biologlar bu moddaning haqiqatan ham bukri kitga tegishli ekanligini tasdiqladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bukri kitlar oziqlanayotgan vaqtda keskin harakatlar qiladi va bunday to‘qnashuvlar tasodifan yuz beradi.
Avvalroq Arktika kitlarida halokatli virus aniqlangani haqida xabar berilgandi.

