Alisher Uzoqov 42 yoshda: Aktyorning “zapret”ga tushgani, otasining o‘limidan keyin topilgan akasi va armoni haqida

Alisher Uzoqov 42 yoshda: Aktyorning "zapret"ga tushgani, otasining o‘limidan keyin topilgan akasi va armoni haqida
25-avgust kuni aktyor Alisher Uzoqov 42 yoshni qarshiladi. U go‘dakligida debyut rolini ijro etgan bo‘lsa-da, mashhurlik cho‘qqisida hayotning og‘ir sinovlariga duch kelgan. Otasining vafotidan so‘ng o‘ziga noma’lum bo‘lgan akasini topgan va chuqur depressiyani boshdan kechirgan aktyorning shaxsiy hayoti doimo jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan. Aktyorning tavalludi munosabati bilan uning ijodiy yo‘li haqida ma’lumot beramiz.
**Alisher Uzoqovning bobosi O‘zbekiston xalq hofizi bo‘lgan**
Alisher Uzoqov 1984-yil 25-avgustda aktyorlar Shohida va Muhammadjon Uzoqovlar oilasida tug‘ilgan. U O‘zbekiston xalq hofizi Ma’murjon Uzoqovning nabirasi hisoblanadi. Ma’murjon Uzoqov o‘z davrining mashhur ijodkori bo‘lib, oltin fondga kirgan ko‘plab qo‘shiqlarning muallifi hisoblanadi. U ijro etgan “Mustahzod”, “Sayding qo‘yaber, sayyod”, “Parvo etib ket” va “Ayrilmasin” kabi qo‘shiqlar bugungi kungacha o‘z muxlislarini yo‘qotmagan.
Aktyorning otasi Muhammadjon Uzoqov ham o‘z davrining taniqli aktyori bo‘lgan. U aktrisa Shohida Uzoqovaga uylanmasdan avval oila qurgan va Sarvar ismli o‘g‘illi bo‘lgan. Oilaviy kelishmovchiliklar tufayli Muhammadjon Uzoqov birinchi rafiqasi bilan ajrashib, keyinchalik Shohida Uzoqovaga uylanadi. Bu nikohdan Alisher Uzoqov dunyoga keladi.
**Alisher Uzoqov: “Onamga mendan aktyor chiqmaydi deyishgan”**
Alisher Uzoqov san’atkorlar oilasi vakili bo‘lishiga qaramay, onasi Shohida Uzoqovaga “O‘g‘lingizdan drama aktyori chiqmaydi” deyishgan. Bu gap bo‘lajak aktyorga qattiq ta’sir qilgan.
— Hozirgi yoshlarga aktyor bo‘lish qiyin. Chunki men bitirgan yili kursimizdan to‘rtta aktyor chiqqan. Menimcha, hozir bu raqamlar ancha ko‘p bo‘lsa kerak. Ammo natija yo‘q. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirgani borganimda eshik yonida o‘tirgan nazoratchi ismimni so‘ragan. Alisher desam, biroz o‘ylanib qolib, onamga qarab “Shohida, bundan aktyor chiqmasa kerak, yaxshisi qo‘g‘irchoq teatri aktyorligi bo‘limiga hujjat topshirsin”, deb maslahat bergan, — deydi Alisher Uzoqov.
**Ilk rolini go‘dakligida yaratgan**
Alisher Uzoqov kino olamiga qachon kirib kelgani ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak. Ma’lumotlarga ko‘ra, u ilk rolini 1984-yili “Kunda” filmida ijro etgan. Go‘dak Alisher Uzoqov garchi unda kamera gashtini his qilmagan bo‘lsa-da, uning debyut roli sifatida tarixga muhrlangan. Undan keyin 2001-yili Hilol Nasimov rejissorligidagi “Ostona” filmida suratga tushgan. Bu rol ham yosh ijodkorning shakllanishida muhim o‘rin tutgan.
**Rus kinoijodkorlarining nazariga tushgan aktyor**
Alisher Uzoqov Rossiya kinoijodkorlari tomonidan 2003-yilda suratga olingan “Velikan” qisqa metrajli filmida rol o‘ynagan. Shundan so‘ng u yana rus kinoijodkorlari bilan hamkorlik qildi va “Zastava” serialida bosh qahramonlardan birini ijro etdi. Ushbu serialdagi ijrosi aktyorga chet elda ham muvaffaqiyat qozonishiga sabab bo‘ldi. “Zastava” serialida giyohvand moddalar savdosi yo‘liga to‘sqinlik qilgan, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan harbiylarning jasorati, o‘z vatanining chegaralarini himoya qilish hayotining bir qismiga aylanganlar haqida hikoya qilinadi. Ushbu filmdan so‘ng aktyorga ko‘plab o‘zbek rejissorlari tomonidan takliflar tusha boshlaydi.
**Otasining o‘limidan keyin topilgan aka**
Aktyor va boshlovchi Alisher Uzoqovga juda o‘xshash akasi bor. Sarvar Uzoqov Alisherdan to‘rt yosh katta va ayni kunlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.
— Dadam vafotiga qadar uning yolg‘iz o‘g‘liman va unga juda o‘xshayman, deb yurardim. Vafotlaridan so‘ng dadamning birinchi turmushidan Sarvar ismli o‘g‘illari borligi haqida eshitdim. Ilk marta akam bilan uchrashganimda u mendan ko‘proq dadamga o‘xshashiga guvoh bo‘ldim. Nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki fe’l-atvori ham juda o‘xshaydi. Akam bir necha yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Akam bilan bir-birimizga juda o‘xshaymiz. Bizni yaqindan bilgan insonlar qiyofamiz o‘xshashligini aytishadi, — deydi aktyor Alisher Uzoqov.
**Alisher Uzoqov tomoshabinga tarsaki tushirgani haqida**
Alisher Uzoqov teatrda rol ijro etayotganida madaniyatni bilmagan tomoshabinga tarsaki tortib yuborgan. Bu holatdan nafaqat tomoshabinlar, balki aktyorning hamkasblari ham hayron bo‘lgan.
— “Diydor” teatr studiyasi kichkinagina, aktyor va tomoshabinlar orasi juda yaqin. Jiddiy spektakl namoyish etilayotganda birinchi qatorda o‘tirgan tomoshabin kulib o‘tiribdi. Unga ogohlantirish berish uchun balandroq ovozda gapirdim. Ammo u kulishda davom etdi. Uning harakatlari yomon ta’sir qilayotgani uchun yoniga borib beixtiyor tarsaki tortib yuborganman. Ammo eng qizig‘i sahna ortida bo‘lgan. Partnyorim Akbarxo‘ja boshqa hamkasblarimizga “Alisher aqldan ozib qolibdi. Old qatorda o‘tirgan tomoshabinni urdi”, debdi.
**Aktyorning turmush o‘rtog‘i va farzandlari haqida**
Aktyor 2011-yilda Mohinur ismli qiz bilan turmush qurgan. Aktyorning to‘yida mashhur futbolchi Odil Ahmedov kuyovjo‘ra bo‘lgan. Hozirda ularning ikki nafar: bir o‘g‘il va bir qiz farzandi bor. Aktyorning rafiqasi Mohinur Uzoqova maktabgacha ta’lim muassasasida logoped bo‘lib ishlaydi.
**Alisher Uzoqov “zapret”ga tushgani va bunga nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida**
Aktyor Alisher Uzoqov “Chotki TV” YouTube kanaliga bergan intervyusida 2012-yilda bir necha yilga “zapret”ga tushgani, zapret uni butunlay boshqa insonga aylantirgani haqida so‘zlab bergan.
— Bilmasam, oxirgi 2012-yil bir emas, ikkita M&TVA’ni olganimda hammaning ko‘ziga ko‘rinib qolgan bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman. Aynan meni taqiqqa tushirgan insonlar u payt meni topishi muammo emasdi. “Alisher, mana buni qilib qo‘yganding, xatong shu edi”, desa, men qo‘lini o‘paman shu odamning, rahmat deyman. Siz meni xatomni aytyapsiz, ertaga shuni qilmay, hali yoshman-ku?! Dinimizda ham bor xatosini, kamchiligini aytish.
Men har doim aytaman va ko‘pchilik xafa ham bo‘ladi. Yaqinlarimga to‘g‘ridan to‘g‘ri aytaman kamchiliklarini, menga aytishmaydi. Rahmat, deyman, qayerda edingiz shuncha yildan beri, deyman. Xato qilgan bo‘lsam, bilishim kerak, o‘sha xatoni ertaga takrorlamasligim uchun. Yana takrorlashni xohlamayman, chunki hamma ham xato qiladi, — deydi Alisher Uzoqov.
**“Zapret”ga tushganidan so‘ng yonida hech kim qolmagan va 20 ming so‘mlik doriga pul topa olmagan**
Aktyor 2019-yildagi intervyusida “zapret”ga tushganidan so‘ng yonida hech kim qolmagani va shundan so‘ng sohasiga bo‘lgan munosabati o‘zgargani haqida gapirgan.
— Depressiya bo‘ladi, shuncha qiyinchilikni depressiyasiz o‘tkazish uchun odam bez bo‘lishi, yuzi va yuragi eshakning terisidan bo‘lishi kerak. Taqiqdan keyin ancha ko‘zim ochildi, ishimga bo‘lgan munosabatim o‘zgardi. Butunlay o‘zgardim. Boshimdan o‘tganlarini dushmanimga ham ravo ko‘rmasdim. Chunki faqat kino sohasida ijod qilayotgan ijodkor uchun shunchaki 3,5 yil uyda o‘tirish juda qiyin. “Zapret” sababini bilmayman. Hech kim buning sababini, nimagaligini aytmagan. O‘sha paytlar yonimda hech kim qolmadi, eshigimni birov taqillatib kelmadi. Shuning uchun ham hozir kimdir kelib yaxshi gapirsa, uni nima uchun bunaqa gapirayotganini yaxshi bilaman. O‘shandan so‘ng ishimga, sohaga bo‘lgan munosabatim o‘zgardi.
O‘sha paytlarda u dori 20 ming so‘m turardi. Hattoki o‘sha dorini olishga ham pulim bo‘lmay qolgandi. Keyin 2-3 ming so‘mga “Naftizin” olib, tomizib yurdim. Uyimga kelib, eshigimni taqillatib, to‘yga 400, 500, 800 dollar beraman deyishganida chiqmaganman. Noshukrlik qilmaganman. Shunday qiyinchilik bo‘lishi kerak ekan, chidadim”, — degan edi aktyor.
**Ko‘plab yulduzlarni kashf etgan va mashhur loyihalar asoschisi**
Alisher Uzoqov asos solgan loyihalar ko‘plab yangi yulduzlarning yaralishiga sabab bo‘ldi. Bu loyiha hozirda millionlab muxlislarga ega Yorqinxo‘ja Umarov, Afruza, G‘aybulla Tursunov kabi xonandalarning iste’dodini yangi bosqichga olib chiqdi. Keyinchalik ko‘plab yosh iste’dod egalarini kashf etgan “The cover up kids” loyihasi ham o‘z muxlislarini topdi.
**Alisher Uzoqov nega san’atdan ketdi?**
Aktyor Alisher Uzoqov san’at o‘rnini egallayotgan vaynerlar va uni hasadchilikda ayblayotganlarga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
— Men kinodan butunlay uzildim. Buning sabablari juda ko‘p. Oxirgi 10 yilda birorta yaxshi ssenariy qo‘limga tushgani yo‘q. Afsuski, teatr ishlayapti, kinolar suratga olinyapti. Ammo ularning hech biri tomoshabin nazariga tushayotgani yo‘q. “Qilindimi-qilindi” tarzida qolib ketyapti. “O‘zi kinoda suratga tushmayotgani uchun tanqid qilyapti”, degan xayolga borishlarini istamayman. Men yoki falonchi aktyor suratga tushgan taqdirda ham, avvalgidek kinolar bo‘lmaydi. Ya’ni rejissorlarning aktyorgacha bo‘lgan muammolari ko‘p. Eng birinchisi ssenariy bilan bog‘liq bo‘lsa, keyingisi moliyaviy muammolarga borib taqaladi, — deydi aktyor.
**“Mendirman Jaloliddin” filmidagi roldan voz kechgani haqida**
Alisher Uzoqov “Mendirman Jaloliddin”da suratga tushmaganidan achinmasligi va shundan keyin ko‘p filmlarning kastingidan o‘tolmagani haqida aytib o‘tdi.
— “Mendirman Jaloliddin” serialini suratga olish maydonchasidan nega ketib qolganim haqida ko‘p gapirganman. Chunki rejissor o‘zbek aktyoriga aktyordek munosabatda bo‘lmagan. “Mana bu rol senga va sen serialning hamma qismida ko‘rinasan”, degan. Ammo menga rolning katta-kichikligi emas, o‘sha serialda uning qanchalik ahamiyatli ekanligi muhim edi. U yerda nafaqat o‘zbek aktyoriga, balki millatga nisbatan bo‘lgan munosabat yoqmagani uchun ketganman. Men tabiatan shunday insonman, yoqmadimi, ketaman. Qaytgandan keyin balki noto‘g‘ri xulosa qilgandirman, deb biroz ikkilandim. Ammo ko‘p o‘tmay, qarorim to‘g‘ri ekanligini tushunib yetdim. Undan keyin uchta yaxshi filmga kasting topshirdim. Ulardan biri “Ilhaq” edi. Jahongir Ahmedov bilan avval ham ishlaganmiz, bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Ammo u filmiga olmadi. Uning ham qarorini hurmat qilaman. Undan keyingi kastingidan o‘tolmagan filmlarim esa hali ham ekranga chiqqani yo‘q, — deydi aktyor.
**“Tanqidni kim aytganiga qarab qabul qilaman”**
— Bildiriladigan tanqidlar asosli boʻlsa, qabul qilaman. Chunki mana shu sohada ozmi-koʻpmi, anchadan beri ijod qilib kelyapmiz. Kimning fikri oʻrinli-yu, kimning tanqidi oʻrinli emas, ajrata olamiz.
Lekin hozir hammaning qoʻlida mikrofon, hamma fikr bildirish imkoniyatiga ega zamon boʻlib qoldi. Hamma jurnalist — suhbat, podkastlar qiladi. Buning uchun ularda kamera, mikrofonlar bor. Ming afsuski, hamma fikr bildirish huquqiga ega boʻlib qolgan.
Avvallari bir sohaning egasi, oʻz yoʻnalishidagi bilimlarni noldan oʻrgangan. Deylik, oddiy insonlar maqolalar yozmagan, fikrlarini bildirmagan. Ammo hozir ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirish imkoniyati hammada bor. Bu holatni toʻxtatib boʻlmaydi, biroq unga qarshi kurashish mumkin, — deydi u.
**“Hayotimda qattiq sinov boʻldi”**
Aktyor so‘nggi intervyularining birida hayotida qattiq sinov bo‘lib o‘tgani hamda uni qanday yenggani haqida aytib berdi.
— Bir oy avval boshimga qattiq sinov kelganida shunaqangi bir vaziyat boʻldi: chet safarida mazam qochib qolganida bir hamyurtimiz oldimga kelib, mendan hol-ahvol soʻradi. Samarqandlik yigit ekan. Oilasi bilan yurgan ekan, soʻng oilasini kuzatib yuborib, faqat men bilan shugʻullandi. Oʻsha yerda yotib, balki asl mukofot shuligi haqida oʻyladim. Chunki u yigit men suratga tushgan filmlarni koʻrib katta boʻlgani, yaxshi koʻrib ijodimni kuzatgani haqida juda koʻp gapirdi.
—Mana shunaqa holatlarni, shu kabi menga nisbatan aytilgan gaplarni avvallari toʻgʻri qabul qilmasdim. Hozir maksimal darajada toʻgʻri qabul qilishga harakat qilaman. Chunki u inson tomonidan turib oʻylab koʻryapman. Deylik, men har xil holatda boʻlishim mumkin. Kimdir kelib rasmga tushaylik, deydi yoki ikki ogʻiz gaplashgisi keladi. U insonlar ham sizni yaxshi koʻrganidan oldingizga keladi. Samarqandlik hamyurtimiz ham meni hurmat qilishini aytdi. Oʻshanda o‘zimga o‘zim “Alisher, shuncha yil kutgan narsang, balki aslida shudir, balki shu eng muhimidir”, dedim. Chunki u inson qiyinchilik vaqtimda juda katta yordam berdi va u holatdan chiqib ketishimga sababchi boʻldi. Muxlislar eʼtirofi ham kerak ekan, — deydi aktyor va rejissyor Alisher Uzoqov.
**Aktyorning yagona armoni haqida**
— Otasizlik tufayli juda tez ulgʻaydim. Otam vafot etganida 20 yoshlar boʻlganman. Oʻsha paytda safarda boʻlganim uchun ularni soʻngi manzilga kuzata olmaganman. U paytlar hali texnika bugungidek rivojlanmagan edi — qoʻngʻiroq orqali tez bogʻlanishning imkoni yoʻq edi. Shuning uchun bu xabarni menga tezlikda yetkazishlari mushkul boʻlgan. Oʻzim uydagilarga aloqaga chiqqanimda bu haqda xabar topganman, ammo vaqtida yetib kela olmaganman. Hayotdagi bitta-yu bitta armonim shu, boshqa armonim yoʻq, — deydi aktyor.

