Dunyo

“Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish Yevropa Ittifoqini zaif ko‘rsatishi mumkin” — Litva moliya vaziri

“Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish Yevropa Ittifoqini zaif ko‘rsatishi mumkin” — Litva moliya vaziri

Litva kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish masalasiga “juda shubha bilan” qaramoqda.

Fransiya o‘tgan hafta Ozarbayjonda qamoqda saqlanayotgan ikki nafar fuqarosini ozod qilish bo‘yicha kelishuv doirasida Usmonovni qora ro‘yxatdan chiqarishni so‘ragan edi. Parij bu tashabbusga Slovakiya bilan birga qo‘shilib, buni milliy xavfsizlik manfaatlari bilan izohladi. Biroq Fransiya rasmiylari qo‘shimcha tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortdi.

“Sanksiyalarni yumshatishga biz juda shubha bilan qaraymiz”, dedi Valis.

Fransiyaning bu pozitsiyasi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish jarayonini murakkablashtirdi. Chunki sanksiyalarni davom ettirish uchun Yevroittifoqning barcha 27 a’zosi bir ovozdan rozilik berishi kerak. Amaldagi sanksiya paketi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlashda ayblanayotgan qariyb 3000 nafar jismoniy va yuridik shaxsni qamrab oladi.

Vilnyus Moskvaga bosimni kamaytirish uchun hozir vaqt emasligini ta’kidladi.

“Urush hali tugamadi. Tinchlik kelishuvisiz sanksiyalarni kamaytirishga bo‘lgan har qanday urinish Rossiya tomonidan bizning ojizligimiz sifatida baholanishi mumkin”, dedi vazir.

Uning aytishicha, Usmonovning ro‘yxatdan chiqarilishi Yevropani Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda birdam emasdek ko‘rsatishi mumkin. Milliarder urush boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “yaqin aloqalari” hamda davlatga “sezilarli” daromad keltiradigan Rossiya iqtisodiyotining “asosiy tarmoqlari”dagi manfaatlari sabab sanksiyaga uchragan edi. Usmonov bu ayblovlarni rad etgan.

“Rossiya bizning birlashganimizni tushunishi kerak. Biz Ukrainani kengayish jarayonimizning bir qismi deb bilamiz. Ko‘proq yerlarni bosib olish yoki Ukrainaga ko‘proq zarar yetkazishga bo‘lgan har qanday urinishni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, dedi Valis.

U Litva Rossiyaga nisbatan yanada ko‘proq sanksiyalar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlashini ham qo‘shimcha qildi.

Ko‘plab Yevropa Ittifoqi poytaxtlari Litva pozitsiyasiga qo‘shilgan bo‘lsa-da, YI Kengashiga raislik qilayotgan Irlandiya murosa taklifini ilgari surdi. Unga ko‘ra, Alisher Usmonov bilan birga boshqa bir rossiyalik tadbirkor Mixail Fridman ham ro‘yxatdan chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Diplomatlarning Euronews’ga ma’lum qilishicha, bu oligarxlarni ro‘yxatdan chiqarish evaziga kelajakda bunday boshi berk ko‘chaga kirib qolishning oldini olish uchun sanksiyalar rejimini misli ko‘rilmagan tarzda — 36 oyga uzaytirish taklif qilinmoqda. Bu taklif 21-sentyabr kuni Bryusselda YI diplomatlari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Sanksiyalar bo‘yicha kelishmovchilikni hal qilish zarurati kuchaymoqda. Chunki sanksiyalar muddatini odatdagidek 6 oyga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan. Shu sababli o‘tgan hafta elchilar sanksiyalar muddatini vaqtincha — atigi 7 kunga uzaytirib turgan edi. Agar 21-sentyabr kuni bu borada kelishuvga erishilmasa, sanksiyalarning amal qilish muddati 22-sentyabr kuni tugaydi. Usmonovning ro‘yxatdan chiqarilish ehtimoli yuqori.

Kiyev ham Usmonovni ro‘yxatdan chiqarish harakatlarini keskin qoraladi. Prezident Vladimir Zelenskiy va boshqa ukrain rasmiylari bu cheklovlarni bekor qilish qabul qilib bo‘lmaydigan yon berish bo‘lishini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.