Aliment uchun ariza qanday beriladi?
Oila kodeksiga koʻra, ota-ona nikohda boʻlishi yoki alohida yashashidan qatʼi nazar, voyaga yetmagan farzandini taʼminlashi shart. Agar ota yoki ona bu majburiyatni bajarmasa, aliment oʻzaro kelishuv bilan yoki sud orqali undiriladi. 2026-yil 1-sentabridan bir bola uchun aliment oyiga 360 400 soʻmdan kam boʻlishi mumkin emas.

Aliment uchun ariza qanday topshiriladi?
Oila kodeksining 96-moddasiga muvofiq, ota-ona voyaga yetmagan farzandini ta’minlashi shart. Bu majburiyat ham otaga, ham onaga tegishli.
Alimentni ota-ona o‘zaro kelishuv asosida ixtiyoriy ravishda ham to‘lashi mumkin. Bunda sudga murojaat qilish talab etilmaydi. Ota-ona alimentning miqdori, uni to‘lash tartibi va muddatini notarial tasdiqlangan kelishuvda belgilab qo‘yishi ham mumkin. Kelishuvga ko‘ra aliment daromadning muayyan qismi, vaqti-vaqti bilan to‘lanadigan qat’iy summa, bir yo‘la to‘lanadigan summa, mol-mulk berish yoki boshqa usulda to‘lanishi mumkin.
Voyaga yetmagan bola uchun kelishilgan aliment miqdori sud undira oladigan miqdordan kam bo‘lmasligi kerak.
Agar ota-onadan biri farzandini ta’minlashda qatnashmasa, aliment sud tartibida undiriladi. Buning uchun aliment olish huquqiga ega shaxs ma’lum muddat kutishi shart emas. Umumiy qoida bo‘yicha, aliment sudga murojaat qilingan kundan boshlab undiriladi.
Aliment undirish bilan bog‘liq ishlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqiladi.
Aliment undirish haqidagi ariza, odatda, javobgarning yashash joyidagi sudga beriladi. Shu bilan birga, aliment talab qiluvchi shaxs o‘zi yashab turgan joydagi sudga ham murojaat qilishi mumkin.
Aliment undirish haqidagi da’volar bo‘yicha da’vogar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi. Bu qoida “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida belgilangan.
Sudga arizani qog‘oz shaklida topshirish bilan birga, qonunchilikda belgilangan tartibda elektron shaklda ham yuborish mumkin.

