Albaniyada talabalar namoyishi kengaydi - bosh vazir isteʼfosi talab qilinmoqda
Albaniyada taʼlim sharoitlarini yaxshilash va hukumatga qarshi talablar bilan boshlangan talabalar namoyishlari Tiranadan boshqa shaharlarga ham yoyildi. Namoyishchilar bosh vazir Edi Ramaning isteʼfosini talab qilmoqda. Politsiya bilan toʻqnashuvlarda oʻnlab odamlar jarohatlangan va qoʻlga olingan.

Albaniyada talabalar namoyishi kengayib, bosh vazirning isteʼfosi talab qilinmoqda
DW xabar berishicha, 15-oktabr kuni Tiranada namoyishchilar va politsiya o‘rtasida uchinchi kun ketma-ket keskin to‘qnashuvlar yuz bergan. Norozilik aksiyalari Shkoder, Korcha va mamlakat janubidagi sohil shaharlarida ham o‘tkazilgan.
Tiranada ayrim namoyishchilar tosh otgan, do‘konlar oynalarini sindirgan, to‘siqlar qurib, chiqindi qutilarini yoqqan. Politsiya ularga qarshi suvpurkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.
Shkoderda shahar hokimiyati binosining oynalari sindirilgan, hukmron Sotsialistik partiya hamda muxolifatdagi Demokratik partiya ofislari toshbo‘ron qilingan. Korchada esa maktab binolarining oynalari sindirilib, ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-oktabr kuni shifoxonalarda 89 kishiga, jumladan, 61 nafar politsiya xodimiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Politsiya shu kuni xodimlar, davlat idoralari va mulkka hujumlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 65 kishi qo‘lga olinganini bildirgan. Bir kun avval yana o‘n kishi ushlangani xabar qilingan.
Namoyish qatnashchilari yuqori o‘qish to‘lovlari, universitetlardagi yomon sharoitlar va yashash xarajatlarining oshishidan norozi. Ular 15-oktabr kuni bosh vazirdan soat 13:00 gacha iste’foga chiqishni talab qilgan. Hukumat bu talabga munosabat bildirmagan.
Edi Rama esa Tiranadagi universitet kampusida yonib ketgan ofisni ko‘zdan kechirgani aks etgan videoni e’lon qilgan. U vayronagarchiliklarni talabalar qilganiga shubha bildirib, zo‘ravonlik uchun muxolifatni ayblagan.
Albaniyada may oxiridan buyon hukumatga qarshi norozilik aksiyalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ularga turtki bo‘lgan masalalardan biri — sohilidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududda hashamatli mehmonxona qurish rejasi.
DW ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Donald Trampning qizi Ivanka Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner bilan bog‘liq. Namoyishchilar loyiha yuzasidan qarorlar qabul qilishda shaffoflik yetishmasligi va ehtimoliy korrupsiyaga qarshi ham chiqmoqda.

