Aktrisa Yodgora Ziyomuhamedova 74 yoshida vafot etdi

Aktrisa Yodgora Ziyomuhamedova 74 yoshida hayotdan ko‘z yumdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino san’atining taniqli namoyandasi Yodgora Ziyomuhamedova 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi ma’lum qildi.
Yodgora Ziyomuhamedova 34 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat olib borib, sahnada 100 ga yaqin obraz yaratgan.
U “Qizil shapkacha” spektaklida Qizil shapka, “Zumrad va Qimmat”da Qimmat, “Farzandim jigarbandim”da Sanobar, “Sening taqdiring”da Nazira, “Yarash-yarash”da Pokiza, “Burgut”da Gulnur hamda “Birinchi muallim”da Oltinoy kabi rollarni ijro etgan.
Aktrisa televideniye va kino yo‘nalishlarida ham samarali ijod qilgan. U, ayniqsa, bolalar sevib tomosha qilgan “Oqshom ertaklari” ko‘rsatuvini 25 yil davomida olib borgan.
Madaniyat vazirligi Yodgora Ziyomuhamedovaning milliy san’at rivojiga qo‘shgan hissasi, serqirra ijodi va boy ijodiy merosi xalq xotirasida saqlanib qolishini ta’kidladi.
Vazirlik jamoasi aktrisaning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga, shogirdlari, hamkasblari hamda san’at ahliga ta’ziya izhor etdi.

