Akademik taʼtil uchun maʼlumotnoma - 500 dollar: Buxoroda shifokor ushlandi
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida akademik taʼtil olish uchun tibbiy maʼlumotnoma tayyorlab berish evaziga 500 dollar olganlikda gumonlangan shifokor ushlandi.

Akademik taʼtil uchun maʼlumotnoma - 500 dollar: Buxoroda shifokor ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament bergan maʼlumotga koʻra, tezkor tadbir uning Gʻijduvon tumani boʻlimi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan.
Tumandagi oilaviy poliklinika shifokori U.S. fuqaro Sh.R.ga oʻqish joyidan akademik taʼtil olish uchun tibbiy maʼlumotnoma tayyorlab berishni vaʼda qilgan. U bu ishni poliklinikada yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini bildirgan.
Xabarga koʻra, shifokor ushbu xizmat evaziga 500 AQSH dollarini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

