AIST School: 900 oʻquvchiga moʻljallangan yangi maktab ish boshladi
Ochilish marosimida mehmonlarga taʼlim muassasasi infratuzilmasi, zamonaviy sinfxonalari va oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar namoyish etildi. Shuningdek, milliy oʻquv dasturi bilan bir qatorda xalqaro yondashuvlardan foydalanish, oʻquvchilarning akademik bilimi, zamonaviy kasbiy va hayotiy koʻnikmalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratilishi maʼlum qilindi.

**AIST School: 900 oʻquvchiga moʻljallangan yangi maktab faoliyat boshladi**
Ochilish tadbirida mehmonlarga taʼlim muassasasining infratuzilmasi, zamonaviy sinfxonalari hamda oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar tanishtirildi. Shuningdek, milliy oʻquv dasturi bilan birga xalqaro yondashuvlardan foydalanilishi, oʻquvchilarning akademik bilimlari, zamonaviy kasbiy va hayotiy koʻnikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishi bildirildi.
Ahmad International School Tashkent (AIST)da oʻquv jarayoni milliy dastur va xalqaro taʼlim yondashuvlari asosida yoʻlga qoʻyilgan. Oʻquvchilar matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi anʼanaviy fanlardan tashqari robototexnika, sunʼiy intellekt, IT va STEAM yoʻnalishlarini ham oʻrganish imkoniga ega.
Maktabda ayrim tabiiy fanlar, jumladan, kimyo, biologiya, fizika hamda matematikaning ingliz tilida oʻqitilishiga alohida urgʻu berilgan. Bundan tashqari, yuqori sinf oʻquvchilarini xalqaro imtihonlarga tayyorlash, xususan, IELTS va SAT natijalariga erishish hamda universitetga kirish jarayonida kerak boʻladigan portfolio shakllantirish yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilgan.
Muassasa maʼmuriyati taʼlim jarayoniga xalqaro sertifikatlarga ega mutaxassislar jalb qilinganini taʼkidlamoqda. Ular orasida Kanadadan kelgan, matematika fanini SAT, IB va Cambridge tizimlari asosida oʻqitish tajribasiga ega pedagoglar ham bor.
AIST School 15 ming kvadrat metr hududda joylashgan boʻlib, 900 nafar oʻquvchiga moʻljallangan. Taʼlim muassasasida oʻquv xonalari bilan birga sport zali va futbol maydonlari ham mavjud. Maktab hududida xavfsizlik tizimi sutka davomida 24/7 rejimida ishlashi koʻzda tutilgan.
Taʼlim olish narxi oyiga 4,8 mln soʻm etib belgilangan. Shartnoma tuzilgandan soʻng ushbu toʻlov miqdori ikki yil davomida oʻzgarmasligi maʼlum qilingan.
Hozirda maktabga 1–9-sinflar uchun qabul ochiq. Qabul jarayoni dekabr oyigacha davom etishi rejalashtirilgan.

