Aichi-Nagoya-2026: Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibi eʼlon qilindi
Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi Aichi-Nagoya-2026 Osiyo oʻyinlari uchun terma jamoa tarkibini eʼlon qildi. Jamoadan olti nafar sportchi joy oldi.

Aichi-Nagoya-2026: Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibi eʼlon qilindi
Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi XX yozgi Osiyo oʻyinlari Aichi-Nagoya-2026 uchun milliy terma jamoa tarkibini maʼlum qildi. Ushbu musobaqalarda olti nafar oʻzbekistonlik sportchi ishtirok etadi.
Turnirning erkaklar oʻrtasidagi bahslarida Oʻzbekiston sharafini besh nafar ogʻir atletikachi himoya qiladi. 65 kg gacha boʻlgan vazn toifasida Adhamjon Ergashev, 75 kg gacha vaznda esa Diyorbek Roʻzmetov chiqish qiladi.
85 kg gacha boʻlgan vazn toifasida Hasanboy Berdiyev, 95 kg gacha vaznda Muhammadqodir Toshtemirov roʻyxatga olingan. 110 kg gacha boʻlgan vaznda esa olimpiya chempioni Akbar Joʻrayev supachaga chiqadi.
Ayollar oʻrtasidagi turnirda Oʻzbekiston nomidan Nigora Abdullayeva ishtirok etadi, u 53 kg gacha boʻlgan vazn toifasida oʻz imkoniyatini sinab koʻradi.
Shu tariqa, ogʻir atletika boʻyicha Osiyo oʻyinlarida ishtirok etuvchi milliy terma jamoa tarkibidan besh nafar erkak va bir nafar ayol sportchi joy oldi.
XX yozgi Osiyo oʻyinlari Aichi-Nagoya 2026 yilning 19 sentyabridan 4 oktyabriga qadar Yaponiyada boʻlib oʻtadi.

