Aholining ichimlik suvi va kanalizatsiya boʻyicha qarzdorligi 430 mlrd soʻmdan oshdi — «Oʻzsuvtaʼminot» AJ
Hududlar kesimida eng katta qarzdorlik Toshkent shahrida qayd etildi. Yil boshidan beri qarzlarni undirish uchun notarial idoralar va sudlarga 168 mingta ariza yuborildi.

Aholining ichimlik suvi va kanalizatsiyadan qarzdorligi 430 mlrd soʻmdan oshdi — «Oʻzsuvtaʼminot» AJ
2026 yil 1 oktyabr holatiga koʻra, aholi va korxonalarning ichimlik suvi hamda kanalizatsiya xizmatlari boʻyicha umumiy qarzdorligi 542,6 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu haqda 30 oktyabr kuni Toshkentda oʻtkazilgan matbuot anjumanida «Oʻzsuvtaʼminot» AJ mutasaddilari maʼlum qildi, deb xabar beradi Daryo muxbiri.
Umumiy qarz summasidan 430,7 mlrd soʻmi fuqarolar hissasiga, 111,8 mlrd soʻmi esa yuridik shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi.
Hududlar kesimida eng katta qarzdorlik Toshkent shahrida qayd etilgan — 92,9 mlrd soʻm, keyingi oʻrinlarda Andijon viloyati — 74,1 mlrd soʻm, Toshkent viloyati — 61,6 mlrd soʻm va Fargʻona viloyati — 57 mlrd soʻm bormoqda.
2026 yilning oʻtgan davri mobaynida qarzdorlikni undirish uchun notarial idoralar va sudlarga 167 783 ta ariza yuborilgan. Yakunda 114 305 ta ijro varaqasi va sud buyrugʻi berilgan, 110 563 ta hujjat esa Majburiy ijro byurosiga topshirilgan.
Amaldagi tartibga koʻra, xizmatlar uchun toʻlov har oyning 10-sanasigacha toʻliq hajmda amalga oshirilishi kerak. Agar isteʼmolchilarning qarzdorligi boʻlsa va toʻlov oʻz vaqtida tushmasa, avval ularga yozma ogohlantirish yuboriladi. Agar shundan soʻng ham qarz uzilmasa, xizmat koʻrsatishni cheklash va qarzdorlikni belgilangan tartibda undirish choralari koʻriladi.
Avvalroq 2027 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekistonda ichimlik suvi va kanalizatsiyadan qarzi bor shaxslar uchun elektr energiyasi uchun toʻlovlarni qabul qilish cheklanishi mumkinligi xabar qilingan edi.

