Aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchilikka yoʻl qoʻygan 151 nafar mansabdor lavozimidan olindi

Aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchilikka yoʻl qoʻygan 151 nafar mansabdor lavozimidan olindi
Oʻzbekistonda 2026-yil yanvar-avgust oylarida aholi murojaatlarini hal qilib bermagani sabab 151 nafar davlat xodimi lavozimidan boʻshatildi. Bu haqda Prezident Xalq qabulxonalari matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Tahlilga koʻra, sakkiz oy davomida murojaatlar bilan ishlashda kamchilikka yoʻl qoʻygan xodimlarga chora koʻrish yuzasidan davlat tashkilotlariga 5 ming 486 ta hujjat kiritilgan. Natijada belgilangan vazifasini yetarli darajada bajara olmagan 151 nafar shaxs lavozimidan ozod etilgan. Yana 833 nafar xodimga hayfsan jazosi qoʻllangan.
“Shuningdek, 150 nafar xodim maʼmuriy javobgarlikka tortildi va 1335 nafari rasman ogohlantirildi”, deyiladi tahlilda.
Bundan tashqari, faoliyatidagi kamchiliklar sabab 89 kishi jarimaga tortilgan, sakkiz kishining lavozimi pasaytirilgan. Eng koʻp kamchiliklar bandlik, mahalla, MIB, sogʻliqni saqlash, prokuratura, ijtimoiy himoya va energetika sohalarida qayd etilgan.
Prezident Xalq qabulxonalari murojaatlar asosida chora koʻrish bilan birga, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish ishlarini ham olib borgani bildirilgan. Xususan, eng koʻp murojaat kelayotgan 10 taga yaqin tashkilotda amaliy oʻquv seminarlari tashkil etilgani xabar qilingan.
Avvalroq Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Farrux Omonov eng koʻp murojaatlar bolalar nafaqasiga oid boʻlayotganini aytgandi. 2026-yil 13-avgustigacha qabulxonalarga aholidan 557 254 ta murojaat kelib tushgan. Hududlar kesimida eng koʻp murojaat Toshkent shahridan tushgan — 74 592 ta. Eng kam murojaatlar Sirdaryo viloyati hissasiga toʻgʻri kelgan — 20 432 ta.

