Mahalliy

Agrar sohada subsidiya olganlarning ko‘rsatkichlari tekshiriladi

Dastlab ushbu mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilgandan keyin ikki-uch

Agrar sohada subsidiya olganlarning ko‘rsatkichlari tekshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev agrar sohada subsidiyalarni ajratish va sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi kengaydi, subsidiyalarni ajratish jarayonlari esa bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Joriy yilda sohadagi subsidiyalar 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilib, bu maqsadlar uchun 2,7 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ayrim yo‘nalishlarda arizalar proaktiv tarzda shakllantirilib, to‘lov muddatlari sezilarli darajada qisqartirildi.

Taqdimotda subsidiyalarni faqat xarajatni qoplash vositasi sifatida emas, balki aniq natijaga bog‘lash zarurligi qayd etildi. Kelgusi yildan «mablag‘ ajratish» modelidan «natijaviy subsidiya» modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi.

Yangi tizimda hosildorlik, suv hamda energiya tejamkorligi, sarflangan resurslar hisobiga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi. Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, natijalar onlayn kuzatib boriladi.

Dastlab ushbu mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilgandan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi. Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmasa, subsidiya mablag‘ini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi. Bu davlat mablag‘larining manzilli va samarali sarflanishini ta’minlaydi.

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda «Agrosafe» axborot tizimi orqali elektron ariza berishdan tortib, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda tovon pulini to‘lashgacha bo‘lgan jarayonlar raqamlashtirilgan.

Sug‘urta qamrovini kengaytirish doirasida bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chat va daraxtlar, import qilingan chorva hamda tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni ham sug‘urtalash rejalashtirilgan. Shuningdek, chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etiladi.

2027 yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sug‘urta qamrovini 60 foizga yetkazish, 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash hamda sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish maqsad qilingan.

Yangi yondashuvda zarar oqibatlarini qoplash bilan birga xavflarning oldini olishga ham ustuvor ahamiyat beriladi. Sug‘urta mukofotining 3-5 foizini maxsus jamg‘armada shakllantirib, chorvachilikda vaksinatsiya, profilaktika va veterinariya xizmatlariga, paxta va g‘allachilikda biologik himoya tadbirlariga, bog‘dorchilik va uzumchilikda esa tabiiy ofatlardan himoya vositalarini o‘rnatishga yo‘naltirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari subsidiya va sug‘urta tizimlari, eng avvalo, fermer uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘lari aniq natijaga xizmat qilishi zarurligini ta’kidladi. Jarayonlarda inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash, sug‘urta hodisalarini adolatli baholash va tovon pullarini tezkor to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni takomillashtirib, tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish vazifasi qo‘yildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.