«Agar yana qayta tugʻilganimda ham ustoz boʻlardim»: ustozlarni taʼsirlantirgan xotiralar
Oʻqituvchilik - faqat dars berish emas, balki bolaning quvonchi, qoʻrquvi va taqdiriga befarq boʻlmaslikdir. Ustozlar xotirasida shogirdlarining yutuqlari, mehrga muhtoj bolalar, ota-onalar bilan tushunmovchiliklar va yillar oʻtib aytilgan minnatdorchiliklar bir umr saqlanadi. Kun.uz ustozlarning hamon yodida boʻlgan turli voqealarni tingladi.

«Agar yana qayta tugʻilganimda ham ustoz boʻlardim»: ustozlarni taʼsirlantirgan xotiralar
26 yillik pedagogik faoliyati davomida ustoz koʻplab oʻquvchilar bilan ishlagan. Biroq bir oʻquvchi bilan bogʻliq voqea uning xotirasida alohida saqlanib qolgan.
«Bir oʻquvchim ranglarni ham ajrata olmasdi. Uni bir hafta davomida alohida oʻtirib, ranglarni tanishga oʻrgatdim. Bolaning oʻzlashtirishi uchun qoʻlimdan kelganicha harakat qildim. Lekin ota-onasi kelib, “oʻgʻlimga qattiqqoʻllik qilyapsiz”, “oʻgʻlimni qoʻrqitib qoʻygansiz”, degan gaplarni aytdi. Bu menga juda ogʻir botdi. Chunki shu paytgacha 26 yil davomida bunday oʻquvchini ham, bunday ota-onani ham uchratmagan edim».
Mazkur holat uni bir muddat kasbidan voz kechish haqida oʻylashga ham majbur qilgan. Ammo bolalarga boʻlgan mehri va kasbiga sadoqati ustun kelgan. Ustoz bugun ham ota-ona va oʻqituvchi oʻrtasidagi tushunish muhimligini taʼkidlaydi.
«Oʻzimiz farzandimizdan ortiq mehrni, oʻzimiz farzandimizdan ortiq vaqtni boshqa odamlarning farzandiga bagʻishlaymiz», - deydi u.
Oʻqituvchi uchun bolaning faqat darsdagi oʻzlashtirishi emas, balki uning qanday muhitda ulgʻayayotgani ham muhim. Suhbatdosh ustozning aytishicha, baʼzan yaxshi, odobli va aqlli bolaning ortida sogʻlom boʻlmagan oilaviy muhit va qoʻrquv yashirin boʻlishi mumkin.
Shunaqa vaziyatlar boʻladi: sogʻlom muhitda katta boʻlmagan farzandlar uchraydi. Har bitta bola sogʻlom muhitda katta boʻlishga va har qanday imkoniyatdan foydalanishga haqli. Bola yaxshi, odobli, aqlli, lekin muhiti sogʻlom emas. U shu muhitda katta boʻlyapti, lekin unda qoʻrquv bor. Ana shu qoʻrquvni bartaraf qilish, bolaga yordam berish kerak. Bolaning oʻzi bilan oilasi haqida gaplashib koʻrganman. “Seni hech kim urmaydimi, xafa qilmaydimi?” deb soʻraganman. Shunaqa bolalarni koʻrganda yigʻlagim keladi. Bolalarni qoʻllash, ularni eshita olish kerak. Har doim bolaning yonida boʻlish kerak», - deydi ustoz.
Ustozning aytishicha, oʻqituvchilikdagi eng ogʻir jihatlardan biri — baʼzi ota-onalar farzandi tarbiyasi va taʼlimidagi masʼuliyatni toʻliq oʻqituvchi zimmasiga yuklashidir. Bu esa vaqti-vaqti bilan tushunmovchiliklarga sabab boʻladi.

