Agar hozirgi sur’at o‘zgarmasa, gender tengligiga erishishga 171 yil kerak bo‘ladi — BMT
Dunyoda gender tengligidan siyosiy chekinish boshlangan. Agar hozirgi sur’at o‘zgarmasa, to‘liq tenglikka erishish uchun yana 171 yil kerak bo‘ladi, deyiladi BMT hisobotida. So‘nggi ikki yilda bu sohadagi har uchta muassasadan birining vakolati qisqartirilgan, asosiy rahbarlik esa hamon erkaklar qo‘lida qolmoqda.

Agar hozirgi sur’at saqlanib qolsa, gender tengligiga erishish uchun 171 yil kerak bo‘ladi — BMT
Dunyo miqyosida gender tengligi borasida o‘nlab yillar davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan ortga qaytish kuzatilmoqda.
Hujjatda ta’kidlanishicha, ayollar qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan sohalarda 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari — tinchlik, ta’lim, qashshoqlikka qarshi kurash hamda iqlim o‘zgarishiga oid ko‘rsatkichlarda sezilarli ijobiy siljishlar qayd etilgan. Biroq aynan shu maqsadlarga xizmat qiladigan tizimlar muntazam ravishda zaiflashtirib borilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 2 yil ichida gender tengligi bilan shug‘ullanuvchi davlat mexanizmlarining har uchalasidan birida institutsional vakolatlar kamaygan. Har to‘rtta muassasadan birida operatsion xarajatlar qisqartirilgan, har o‘ntadan biri esa o‘z budjetini nazorat qilish huquqidan butunlay mahrum bo‘lgan.
Sohaga yo‘naltirilayotgan moliyalashtirish hajmi 2021-yildan beri eng past darajaga tushib ketgan. Bu, avvalo, ayollar huquqlarini himoya qiluvchi jamoat tashkilotlari faoliyatiga jiddiy zarba bergan. Moliyaviy qisqartirishlar fonida BMT tizimidagi tuzilmalarning 42 foizi ham gender tengligi yo‘nalishidagi sa’y-harakatlari sekinlashganini bildirgan.
Dunyoda siyosiy hokimiyat hanuz sezilarli darajada erkaklar qo‘lida jamlangan: 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, atigi 28 ta davlatni ayol rahbarlar — davlat yoki hukumat boshlig‘i sifatida — boshqarmoqda. Bu har yettita davlatdan oltitasiga erkaklar rahbarlik qilayotganini anglatadi.
Ayollar siyosatga kirishda tizimli to‘siqlarga duch kelmoqda. Ayrim mamlakatlarda saylov kampaniyasida qatnashish xarajati aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromaddan 100 barobargacha yuqori bo‘lib, ko‘plab xotin-qizlarni jarayon boshlanishidayoq chetga suradi. Ba’zi hududlarda saylovda nomzodini qo‘ygan har 10 ayoldan sakkizi ijtimoiy hayotda tazyiq va zo‘ravonlikka duch keladi.
Hukumat lavozimiga tayinlangan taqdirda ham, ularga xavfsizlik va iqtisodiyot bilan bog‘liq muhim portfellar kamdan kam beriladi. Xususan, bugungi kunda dunyodagi mudofaa vazirlarining qariyb 90 foizi, moliya vazirlarining esa 80 foizdan ortig‘i erkaklardir.
Bu nomutanosiblik boshqa sohalarda ham yaqqol ko‘rinadi: dunyo bo‘yicha yirik korporatsiyalar bosh ijrochi direktorlarining (CEO) bor-yo‘g‘i 6 foizi, oliy sudlar rahbarlarining esa 20 foizdan kami ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, dunyo bo‘yicha ayollar erkaklar ega bo‘lgan qonuniy huquqlarning atigi 64 foiziga ega.
Hisobot mualliflari urg‘ulashicha, Barqaror rivojlanishning gender tengligiga oid 5-maqsadi bo‘yicha birorta ham ko‘rsatkich 2030-yilgacha to‘liq bajarilmaydi.
“Raqamlar shubhaga o‘rin qoldirmaydi: hozirgi sur’atda gender tengligiga erishishgacha yana 171 yil bor. Hisobot ko‘rsatayotgan narsa shuki, bu sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lgan narsa emas — ko‘rinib turgan tanlovlarning natijasidir. Gender tengligiga, muassasalarga va ularni javobgarlikka tortadigan statistika tizimlariga sarmoya kiritish qandaydir xarajat emas. Bu — 2030-yilgacha kun tartibidagi barcha uchun teng kuch va vakolatlar va’dasiga qaytishning eng tezkor yo‘lidir”, — dedi BMT bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Li Szyunxua.
“BMT-Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus esa ayollar boshqaruvda bo‘lganda jamiyatlar mustahkamroq, iqtisodiyot esa barqarorroq bo‘lishini eslatdi:
“Ayollarni tizimli ravishda chetlatuvchi muassasalarda hokimiyat jamlanib boraversa, jamiyatlar o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmaydi. Vakolatlarga teng ega bo‘lmasdan turib, tenglikka erishib bo‘lmaydi — chunki vakolatsiz tenglik umuman tenglik emasdir”.
Hisobotda dunyo hukumatlari siyosiy chekinishni to‘xtatishga, ixtisoslashgan institutlar va ayollar tashkilotlarini yetarlicha moliyalashtirishga hamda davlat boshqaruvi va iqtisodiy qarorlar qabul qilishda ayollarga teng vakolatlar berishga chaqirilgan.

