Afrikaning eng boy odami, Efiopiya va Jibuti 600 million dollarlik yoqilgʻi quvurini quradi
Quvur dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan Efiopiyada energetik xavfsizlikni mustahkamlaydi, shu bilan birga Jibuti portida ish oʻrinlarini yaratadi.

Afrikaning eng boy odami, Efiopiya va Jibuti 600 million dollarlik yoqilgʻi quvurini rejalashtirmoqda
Aliko Dangote oʻz boyligini Nigeriyada tsementdan orttirgan
Nigeriyalik milliarder Aliko Dangote Efiopiya va Jibuti bilan birgalikda ikki davlatni bogʻlovchi 600 million dollarlik (447 million funt sterling) neft quvuri va omborxona loyihasini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Loyiha Jibutining Damerjog portidan Efiopiyaning Devele shahridagi taqsimlash inshootigacha boʻlgan 120 kilometrlik (75 mil) quvurni hamda taxminan 400 million litr sigʻimga ega omborxonani oʻz ichiga oladi.
Uning 18 oy ichida ishga tushishi kutilmoqda.
Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmedning aytishicha, quvur Jibuti portidan Efiopiya poytaxti Addis-Abebaga yoqilgʻi yetkazib berish vaqtini besh kundan bir kungacha qisqartiradi.
Birinchi bosqichda asosiy neft mahsulotlari, jumladan, aviatsiya yoqilgʻisi, dizel va benzin tashiladi.
Poydevor qoʻyish marosimida Dangote ushbu loyiha Efiopiyaning energetik xavfsizligini mustahkamlashini va uning yoqilgʻi yetkazib berish zanjirini yanada barqaror qilishini aytdi.
Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan Efiopiya import, jumladan, neft mahsulotlari boʻyicha asosan Jibuti portiga tayanadi. Yangi infratuzilma transport, aviatsiya, qishloq xoʻjaligi va qurilish kabi sohalarga xizmat koʻrsatuvchi mavjud transport tizimlariga tushadigan yuklamani yengillashtirishi kutilmoqda.
Jibuti ham port faolligining oshishi, ish oʻrinlari yaratilishi va davlat daromadlari koʻpayishidan foyda koʻrishi kutilmoqda.
Ushbu loyiha Dangotening butun Afrika boʻylab infratuzilma va ishlab chiqarish biznesini kengaytirish borasidagi keng koʻlamli rejalarining bir qismidir.
«Dangote Cement» yiliga taxminan 55 million tonna ishlab chiqarish quvvatiga ega, uning Nigeriyadagi neftni qayta ishlash zavodi esa hozirda kuniga 700 000 barrel xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega va bu koʻrsatkichni ikki baravar oshirib, kuniga 1,4 million barrelga yetkazishni maqsad qilgan.
Yaqinda neftni qayta ishlash zavodi taxminan 1,63 milliard dollar (1,2 milliard funt sterling) mablagʻ yigʻish maqsadida Nigeriya fond birjasida 4,1 milliard dona oddiy aktsiyalarini joylashtirdi.
Keniyada kompaniya kelgusi haftada Lamu shahrida kuniga 700 000 barrel xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlishi taklif etilayotgan zavod qurilishini boshlashga tayyorgarlik koʻrmoqda.

