Afra Sarachog‘lu, Iynemli va yana 22 kishi: Turkiyada giyohvand moddalar ishi bo‘yicha aktyorlar qo‘lga olindi

Afra Saracho‘g‘lu, Iynemli va yana 22 kishi: Turkiyada giyohvand moddalar ishi bo‘yicha aktyorlar qo‘lga olindi
Turkiyada giyohvandlikka qarshi keng ko‘lamli “Tong” operatsiyasi davom etmoqda. O‘tgan tunda politsiya jandarmeriya bilan birgalikda yana bir qator hibsga olishlarni amalga oshirdi. Prokuratura tomonidan jami 24 ta order chiqarilgan.
Giyohvandlikka qarshi operatsiya doirasida mashhur turk aktyorlari ham qo‘lga olindi. Ular orasida Afra Saracho‘g‘lu, Aras Bulut Iynemli, Melis Sezen, Melisa Shenolsun, Hazal Filiz Kuchukkyose va Nilperi Shahinkaya bor.
Qo‘lga olinganlarning barchasining uylarida tintuv o‘tkaziladi, undan so‘ng ular avval ko‘rsatma berish uchun prokuraturaga, keyin esa tahlil topshirish uchun Sud tibbiyoti markaziga olib boriladi. Ularning doping-test natijalari kelasi haftada e’lon qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq turk OAV 15 nafar mashhur shaxs — aktyorlar, musiqachilar, jurnalistlar, sportchilar va inflyuenserlar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Keyinroq prokuror 24 kishini qo‘lga olish uchun order bergani, biroq politsiya va jandarmeriya hozircha ulardan atigi 18 nafarini topa olgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘lga olingan aktyorlarning oila a’zolari ham, menejerlari ham hozircha hech qanday izoh bermadi. Biroq Shenolsun, Saracho‘g‘lu, Iynemli va Kuchukkesening muxlislari tahlil natijalari manfiy chiqishiga umid bildirmoqda.

