Afg‘onistonliklarga Eron vizasi qora bozorda 2300 dollargacha sotilmoqda

Afg‘onistonliklarga Eron vizalari qora bozorda 2300 dollargacha narxda sotilmoqda. Amu TV telekanaliga bergan intervyusida uch nafar afg‘onistonlikning ta'kidlashicha, Eron vizasini rasmiy yo‘llar bilan olish tobora mushkullashib bormoqda. Shu sababli, chet elda ish izlayotgan ayrim fuqarolar qora bozordan viza sotib olishga majbur bo‘lmoqda, u yerda vizalar 150 ming afg‘oniygacha (taxminan 2300 dollar) taklif etilmoqda.
Ular Eron vizalari norasmiy kanallar orqali 100 mingdan 150 ming afg‘oniygacha bo‘lgan narxlarda sotilayotganini ma'lum qilishdi. Ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayishi ularni Eronda ish topishga undamoqda, ammo ular viza uchun so‘ralayotgan yuqori narxlarni to‘lay olmayaptilar.
Eron, AQSH va Isroil o‘rtasidagi urush boshlanganidan beri Afg‘oniston fuqarolari uchun Eron vizasini olish jarayoni yanada murakkablashdi. Sakkiz kishilik oilani boqayotgan Raz Muhammadning aytishicha, u katta qarzga botgan. U ish topish uchun Eronga bormoqchi, ammo odatdagi usulda viza ololmayapti.
"Eron vizasi 100 mingdan 150 ming afg‘oniygacha turadi. Bunga qurbimiz yetmaydi. Har birimizning 200 ming (3000 dollar)dan 250 ming afg‘oniygacha (3850 dollar) qarzdorligimiz bor. Hamma kambag‘al. Ba’zi odamlar hatto kechki ovqatga ham pul topa olmaydi", dedi u.
Badg‘is viloyatida yashovchi Axtar Muhammad ilgari Erondan ikki marta deportatsiya qilinganini aytdi. U viza olishda "Tolibon" rasmiylaridan yordam so‘ragan, ammo bu natija bermagan.
"Men ularga ikki marta deportatsiya qilinganimni va oilamning 10 a’zosiga mas’ul ekanimni aytdim. Ulardan viza berishini so‘radim. Lekin ular berishmadi. Ular: 'Bizda bunday vakolat yo‘q. Ochlikdan yoki tashnalikdan o‘lsangiz ham, buning bizga aloqasi yo‘q. Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham ketavering', deyishdi", dedi u Amu TV telekanaliga.
Yana bir fuqaro Abdul G‘afur Amu TV telekanaliga afg‘onlarga pasport bilan Eronga qonuniy ravishda borish uqtirilganini aytdi. Biroq hozir u viza olishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
"Avvaliga ular bizga pasport bilan Eronga borishni, aks holda Eron bizga yomon munosabatda bo‘lishini aytishgandi. Lekin hozir Eron viza bermayapti. Bizda hatto yetarlicha yegulik ham yo‘q. Agar Eronga borsak, baribir deportatsiya qilinamiz", dedi u.
G‘afur oilasini boqish uchun Eronda har qanday ishni qilishga tayyorligini bildirdi. "Men Eronda har qanday ishni qila olaman, bolalarim och. Barcha qo‘shnilarimiz ham shunday ahvolda", dedi u.
Hirotdagi manbalarning Amu kanaliga ma’lum qilishicha, ayrim Eron vizalari nufuzli shaxslar, diniy ulamolar va mahalliy amaldorlar orqali olinmoqda hamda sotilmoqda. Jamoat faoli Naim Muhammadiy Amu TV telekanaliga ba’zi tijorat va tibbiyot kompaniyalari Eron vizalarini olib fuqarolarga taklif qilayotganini aytdi.
"Afsuski, Eron vizalari Islom Respublikasining diplomatik vakolatxonalaridan tibbiy va tijorat kompaniyalari orqali olinadi. Keyin esa shahardagi oddiy odamlarga sotiladi", dedi Muhammadiy.
Uning aytishicha, Hirotdagi mahalliy hokimiyat organlari vizalar qanday olinayotgani va tarqatilayotganini nazorat qilmayapti. U bu holatni viza tizimining suiiste’mol qilinishi deb baholadi. Eronning Hirotdagi konsulligi mulozimi Amu telekanaliga bu masala bo‘yicha izoh berishga vakolati yo‘qligini bildirdi.
Surishtiruvlarga ko‘ra, Eron so‘nggi besh yil davomida Afg‘oniston fuqarolariga mehnat vizalarini berishni to‘xtatgan. Sayyohlik va tibbiy vizalar hamon berilmoqda, ammo murojaatchilar bu jarayon juda qiyinlashganini aytmoqda. Eronda ish izlayotgan ko‘plab afg‘onlar uchun bu cheklovlar qonuniy va arzon imkoniyatlarni deyarli qoldirmadi.
Avvalroq Afg‘onistondagi cho‘lda yo‘qolgan 14 erkakning murdasi topilgani haqida xabar berilgandi. Ular noqonuniy yo‘l orqali Eronga qochib o‘tayotib kuchli issiq va suvsizlikdan halok bo‘lgan.

