“Afg‘onistonda xorijdan moliyalashtirilgan loyihalar chet el manfaatlariga xizmat qilgan” — Zabihulloh Mujohid

“Afg‘onistonda xorijdan moliyalashtirilgan loyihalar chet el manfaatlariga xizmat qilgan” — Zabihulloh Mujohid
Xorijiy davlatlar Afg‘onistonda rivojlanish loyihalarini faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirgan. Bu haqda “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid ma’lum qildi.
Qandahordagi transport loyihasining ochilishida so‘zga chiqqan Mujohid hozir yirik loyihalar Afg‘onistonning ichki byudjeti hisobidan moliyalashtirilayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu loyihalar afg‘on xalqining ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
“Mamlakatdagi rivojlanish Afg‘oniston qiyofasini o‘zgartiradi. Bu loyihalarning barchasi Afg‘onistonning o‘z byudjeti hisobidan amalga oshirilmoqda. Loyihalarimiz hech bir davlatga qaram emas va hech kimning iltimosi bilan bajarilmayapti. Ular afg‘onlarning ehtiyojlariga asoslanadi”, dedi Mujohid.
Qandahor transport direktori Mavlaviy Adamning aytishicha, Transport vazirligi mamlakatning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Qandahorda ham yo‘llarni boshqarish bo‘yicha muhim loyihalarga ega. Ular ish sifatini ta’minlashga va’da bermoqda.
Mahalliy aholi ham yirik rivojlanish loyihalari kambag‘allikni qisqartirishda muhim ekanini ta’kidlamoqda. Qandahorda yashovchi Mirza Sultoniy yirik loyihalar ish o‘rinlari yaratishini va odamlarni kambag‘allikdan himoya qilishga yordam berishini aytdi. U rivojlanish bilan birga bandlik ta’minlanishi muhimligini qo‘shimcha qildi.
Yana bir fuqaro Abdul Latif esa Transport vazirligining bu loyihasi shaharni tartibga solishga, ish o‘rinlari va qulayliklar yaratishga xizmat qilishini bildirdi.
Islom Amirligi rasmiylari Qo‘shtepa kanali, mamlakat halqa yo‘li qurilishi hamda TAPI va CASA-1000 loyihalari bo‘yicha davom etayotgan ishlarni o‘zlarining eng muhim yutuqlari qatoriga qo‘shmoqda.

