AEXA: Zaporijjya AES hududiga ikki dron zarba berdi
Zaporijjya atom elektr stansiyasida bir necha kun ichida uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan bogʻliq uchta hodisa qayd etildi. AEXA maʼlumotiga koʻra, ulardan birida stansiyaning ikki xodimi yaralangan. Obyektda radiatsiya darajasi meyorda qolmoqda.

AEXA: Zaporijjya atom elektr stansiyasi hududiga ikki dron hujum qildi
Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (AEXA) 28-avgust kuni xabar berishicha, Rossiya qoʻshinlari nazoratidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasida joriy hafta davomida dronlar bilan bogʻliq uchta hodisa qayd etilgan.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, birinchi voqea 25-avgust, seshanba kuni stansiyaning sovutish hovuzi yaqinida sodir boʻlgan va natijada AESning ikki xodimi jarohatlangan.
Keyingi kun, 26-avgustda, stansiya hududiga yana ikkita uchuvchisiz uchish qurilmasi zarba bergan. Ulardan biri ishlatilgan yadro yoqilgʻisini quruq saqlash maydonchasida portlagan boʻlsa, ikkinchisi energobloklar tizimiga tegishli suv sepish qurilmasiga shikast yetkazgan.
AEXA ushbu hodisalarga qaramay, Zaporijjya AESdagi radiatsiya darajasi meʼyorda ekanligini maʼlum qildi.
Agentlik bosh direktori Rafael Grossi yadroviy obyektlarga qilingan hujumlarni "qabul qilib boʻlmaydigan" holat deb baholadi. U yadroviy avariya xavfini oldini olish maqsadida tomonlarni yana bir bor maksimal darajada harbiy vazminlikka chaqirdi.
Zaporijjya AES 2022-yil aprelidan beri Rossiya qoʻshinlari tomonidan egallab turilgan Ukraina hududida joylashgan va Rossiya tomoni nazorati ostida.
AEXA bayonotida ushbu dronlarni kim uchirgani haqida maʼlumot berilmagan.

