Iqtisodiyot

ADM Global O‘zbekistonda gibrid va elektromobillar chiqarishni boshlaydi

ADM Global kompaniyasi Changan, Chery va Haval brendlarining gibrid va elektr avtomobillarini chiqarishni boshlaydi. Korxona Janubiy Koreyaning DK&G firmasi bilan CKD ishlab chiqarishni sanoat jihozlari bilan ta’minlash bo‘yicha bitim tuzdi. Qurilishga 100 mln dollargacha investitsiya kiritiladi.

ADM Global O‘zbekistonda gibrid va elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

ADM Jizzakh va Janubiy Koreyaning DK&G kompaniyasi gibrid hamda elektromobillarni CKD ishlab chiqarish (yirik bo‘lmagan uzellardan yig‘ish) uchun sanoat uskunalari bilan ta’minlash yuzasidan kelishuv imzoladi.

ADM Jizzakh avtozavodi hududida yangi ishlab chiqarish majmuasi qurilishi boshlangan. U yerda Changan brendining, avvalo UNI-E modeli, shuningdek Chery va Haval avtomobillarining gibrid hamda elektr versiyalarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

CKD texnologiyasi bo‘yicha ishlab chiqarish to‘liq jarayonni — kuzovni payvandlash va bo‘yashdan boshlab, tayyor avtomobilni yakuniy yig‘ish hamda sifat nazoratigacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oladi. Hozirda ADM Jizzakh’da aynan shu texnologiya asosida ichki yonuv dvigatelli Kia avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

Yangi majmuaning asosiy jihati shundaki, bir ishlab chiqarish liniyasida turli brend avtomobillarini chiqarish imkoniyati bo‘ladi. Kompaniya ta’kidlashicha, bu texnologik yechim ADM Jizzakh va DK&G mutaxassislarining birgalikdagi muhandislik ishlari doirasida amalga oshiriladi. Mahsulotlar ham O‘zbekiston ichki bozoriga, ham eksportga yo‘naltiriladi.

Yangi energiya manbalaridagi avtomobillar (NEV) yo‘nalishini rivojlantirish doirasida ADM Global O‘zbekiston bozoriga ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan bir nechta gibrid va elektromobil modellarini olib kirishni rejalashtirmoqda.

“ADM Global’ning strategik vazifasi shunchaki yangi modellarni o‘zlashtirish emas, balki “avtomobilsozlik, komponentlar ishlab chiqarish, xususiy muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni birlashtirgan zamonaviy sanoat ekotizimini shakllantirish”dan iborat”, — dedi ADM Global bosh direktori Doniyor Davletiyarov.

ADM Global kompaniyalar guruhi (Roodell MCHJ) 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yengil va tijorat avtomobillarini distributsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarish, sotish hamda ularga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Kompaniya Kia, Chery, Haval, Tank, Changan, Hyundai Truck & Bus kabi brendlar bilan hamkorlik qiladi va O‘zbekiston bo‘ylab 115 dan ortiq dilerlik markazlariga ega.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.